Gulnora Karimovaning pullari kimga nasib etadi?

0

Shveysariya hukumati O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli 800 million frankni o‘zida saqlashni istamayapti. Pullarni O‘zbekistonga qaytarishga ham shoshmayapti deb yozadi «Kun.uz».

Foto: Yves Forestier / Getty Images

«Shveysariya noqonuniy yo‘l bilan topilgan boylikni o‘zida saqlab turishdan manfaatdor emas», — deb javob berdi DW’ning O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli 800 million shveysariya frankiga yaqin aktivlarga nima bo‘lishi haqidagi savoliga Shveytsariya TIV.

Gulnora Karimovaning o‘zi anchadan buyon O‘zbekistonda panjara ortida bo‘lib, bu borada aniq ma’lumotlar kam. Shu bilan birga, Yevropada Karimova ishi hali-beri yakunlanmaydi, chunki asosiy masala – uning Shveysariyadagi aktivlarini nima qilish kerakligiga javob topish lozim.

Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaga 2012-yilda e’tibor qaratgandi. Avvaliga uning yordamchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Keyinroq Gulnoraning o‘zi, uning sobiq turmush o‘rtog‘i va yana ikki nafar xodimasi tergov ostiga tushdi. Tergov xorij telekommunikatsiya kompaniyalarining o‘zbek bozoriga kirish huquqini olish uchun pora sifatida bergan mablag‘lari Shveysariyadagi Gulnora bilan bog‘liq hisob raqamlariga kelib tushgan degan xulosaga keldi. Karimovaning Shveysariyadagi mablag‘i, mulki va qimmatbaho buyumlariga taqiq qo‘yildi.

2018-yilda jinoiy ish bo‘yicha oldinga siljish bo‘ldi: may oyida Shveysariya prokuraturasi Karimovaning sobiq eri va xodimalaridan biriga nisbatan jazo qarori chiqardi. Ular ikkisi ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, iqtisodiy jinoyatlari uchun O‘zbekistonda uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. 2016-yil oxirida O‘zbekistonga kelgan shveysariyalik tergovchilarning tergovlaridan so‘ng mahkumlar Shveysariyadagi o‘zlari bilan bog‘liq ishlar tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishiga rozi bo‘lishdi hamda sudga qadar Shveysariya banklaridagi qariyb 700 million frank mablag‘lari musodara qilinishiga ruxsat berishdi.

Gulnora Karimovaning jenevalik advokati Greguar Manja bu qarorga norozilik bildirdi. U o‘z bayonotlarida mahkumlar o‘zlarining O‘zbekistondagi kelajagi musodara qilingan pullarning vatanga qaytarilishiga bog‘liqligidan kelib chiqib iqrorlik ko‘rsatmasi berishganini bildirdi.

Ammo 2018-yil yozida Shveysariya federal jinoiy sudining kassatsion kollegiyasi advokatning shikoyatini rad etdi. Endilikda, Shveysariya prokuraturasining DW’ga bildirishicha, jinoiy ishni mantiqiy yakuniga yetkazish uchun sud kollegiyasining qolgan to‘rt ayblanuvchiga nisbatan qarorini kutish kerak bo‘ladi.

Ish rasman yopilmagan bo‘lsa-da, Shveysariya pullarni O‘zbekistonga qaytarishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bu mamlakatning tashqi siyosat tamoyili – noqonuniy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni kelib chiqish mamlakatiga topshirish tamoyiliga mos keladi, deya izoh berdi TIV.

«Keyingi o‘ttiz yil davomida Shveysariya ikki milliard dollardan ortiq pulni qaytargan — bu boshqa har qanday davlat qaytargan mablag‘dan ko‘proqdir. Ammo hozirda qaytarilishi lozim bo‘lgan boylik bilan qanday ish tutish kerakligiga baho berishga hali erta», — deyiladi Shveysariya TIV bayonotida.

Ammo Gulnora Karimovaga tegishli pullar kimga nasib etadi?

Masalan, bu pullarga nemislarning 2000-yillar oxirida Toshkentda muhtasham Forumlar saroyini qurgan kichik va o‘rta korxonalaridan iborat butun boshli guruhi da’vogarlik qilmoqda. Buyurtma rasman Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax kompaniyasi topshirig‘iga asosan bajarilgan bo‘lsa-da, uning ortida, aftidan, Karimova turgan. Kompaniya 2010-yilda bankrotga uchrab, o‘zidan 5 milliard Shveysariya frankidan kam bo‘lmagan miqdorda qarz qoldirgan.

Kreditorlarning Gulnora Karimova va uning sheriklaridan olib qo‘yilgan mablag‘lardan kompensatsiya olish imkoniyatlari juda kam – chunki Karimova bankrotga uchragan kompaniya bilan aloqasi bo‘lganini rad etmoqda, O‘zbekiston hukumati esa uning bankrotga uchrashini davlat javob bermaydigan xususiy holat sifatida baholamoqda.

Germaniyaning Süddeutsche Zeitung gazetasi kreditorlardan biriga tayanib yozishicha, ular 2019-yil yanvarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Berlinga bo‘lajak davlat tashrifidan umid qilishmoqda. Ilgari Germaniya hukumati bir necha yil davomida Toshkentning tadbirkorlardan qarzdorligi masalasini bir necha marta ko‘targan, ammo bu muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Shveysariyaning strategiyasiga ko‘ra, korrupsion pullar «kelib chiqish mamlakati xalqiga berilishi, noqonuniy kanallar orqali qaytadan chiqib ketmasligi darkor». Shveysariyada bu borada tegishlicha tajriba bor. 2009-yilda Qozog‘istonga 115 million frank miqdoridagi korrupsion pullarni qaytarish uchun Qozog‘istondagi kam ta’minlangan oilalarga yordam berishi ko‘zlangan «Bota» maxsus xayriya jamg‘armasi tashkil etilgan. Mablag‘lar taqsimlanishini tashqaridan Jahon banki kuzatib turgan.

To‘g‘ri, o‘shanda qoidabuzarliklar ham qayd etilgan. Bu qator o‘zbek huquq himoyachilarining O‘zbekistonda ham ana shunday jamg‘arma tashkil etilishiga qarshi chiqishayotganining sabablaridan biridir. Xorijda yashaydigan o‘zbeklar guruhi Shveysariyani Toshkent bilan muzokaralarda Karimovaning noqonuniy pullarini qaytarish masalasida shaffoflikni ta’minlashga chaqirdi.

Uning Shveysariyadagi mablag‘lari qanchalik samarali sarflanishi boshqa G‘arb davlatlarining «Gulnoraning pullarini» O‘zbekistonga qaytarish borasidagi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Shveysariyaning tergov o‘tkazishi boshqa davlatlarda ham ana shunday jarayonlar boshlanishiga turtki bo‘ldi. Niderlandiya, Shvetsiya hamda AQShda Karimovaga pora bergan telekommunikatsiya kompaniyalariga nisbatan allaqachon ayblov hukmlari e’lon qilingan.

Bu ishlar doirasida turli aktivlar musodara qilinishi mumkin. Gap Shveysariya banklaridagi mablag‘dan anchagina kam miqdor haqida bormoqda, ammo ular ham o‘ziga yarasha ahamiyatga ega. Masalan, Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaga qarshi jinoiy surishtiruv doirasida 2018-yil oktabrda unga tegishli bo‘lgan uchta ko‘chmas mulk obyekti va boshqa aktivlarga taqiq qo‘yilgan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting