Abdusalom Azizov AQSH harbiy delegatsiyasini qabul qildi

2

Bugun, 8-noyarb kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov AQSH mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisining oʻrinbosari Kolin Jekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

AQSH qurolli kuchlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifidan maqsad — ikki mamlakat mudofaa idoralari oʻrtasida xalqaro harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Oʻzbekiston tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasidagi dolzarb masalalar borasida Oʻzbekiston—Amerika mudofaa idoralari oʻrtasidagi kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv davomida Afgʻonistondagi vaziyatni oʻnglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish boʻyicha fikrlar almashildi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻoniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yoʻlidagi barcha harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afgʻoniston masalalari boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” xalqaro anjumanining oʻtkazilgani, shuningdek, uning yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilinganining oʻzi Oʻzbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini koʻrsatadi.

“AQSH — biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor boʻlib, oʻrtamizdagi doʻstlik va oʻzaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi qudratli jangovar imkoniyatga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa oʻrnatish, shubhasiz, bizning armiyamiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, — dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

Bugungi kunda oʻzaro kelishilgan yillik rejalarga koʻra, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari faoliyatiga doir masalalar boʻyicha tajriba almashish uchun koʻplab tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan soʻng AQSH delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻldi.

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSH mudofaa sohasiga oid mavzuviy mashgʻulot xonasi bilan ham tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil may oyida AQSHga uyushtirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi choʻqqiga olib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida yangi strategik hamkorlik davrini boshlab berdi.

Mazkur tashrif davomida Oq uy, Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar mudofaa sohasida amaliy hamkorlik yoʻnalishini aniq belgilab olishlariga keng imkon yaratildi.

Ulashish

2 Izohlar

  1. Xurmatli Korrespondent.uz muxbirlari!

    Daniel Rosenblum hali elchi emas. Uni 18-sentabrda senat elchilikga tasdiqladi, lekin hali qasamyod qilgani yo’q! Ayni vaqtda O’zbekistonda AQShning Elchisi yo’q. Elchi Spratlen ham AQShga qaytib kelgan. Uchrashuvdagi suratlarda ham Rosenblum ko’rinmayapti. Rosenblumning ayni vaqtdagi lavozimi – AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari.

    • O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tarqatgan ushbu maqoladagi “Kolin Jeksonga AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum ham hamrohlik qildi” jumlasi olib tashlandi. Xabarni darhol tuzatmaganimiz uchun uzur so‘raymiz. Bugun ertalab Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatga oydinlik kiritdik. Suhbat davomida Daniel Rozenblum hali Toshkentga kelmagani va uning nomzodini Senat to‘la tasdiqlamagani aniqlandi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting