O‘zbekistonda telefon qo‘ng‘irog‘isiz tez yordam chaqirish imkoniyati tug‘ildi

0

TezMed loyihasi – tez tibbiy yordam boshqaruv tizimini avtomatlashtirish uchun innovatsion dasturiy ta’minot to‘plami sanaladi. U mobil ilova sifatida aholidan kelib tushayotgan ma’lumotlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni avtomatik ravishda ustun tartibda belgilash va planshetlarning GPS navigatsiyasidan foydalanish orqali transportni boshqarish uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Terabayt.uz xabar berdi.

Foto: Terabayt.uz

“Bu xizmat tez tibbiy yordamga murojaat qilgan shaxslarning manzilini avtomatik ravishda qidirib topadi. Murojaatchilarning yoshini va chaqiruv sababini ko‘rsatgan holda, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilmasdan turib, bepul tibbiy xizmat chaqiruvini qoldirish mumkin”, — deydi loyiha muallifi Madina Xamidova.

Bundan tashqari, ushbu dastur dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlarning rekvizitlarini saqlab turadi. Aholining tez tibbiy yordam samaradorligini baholashni ham nazorat qiladi. Uning funksional imkoniyatlari juda ko‘p. Jumladan, shoshilinch tibbiy xizmatni qo‘ng‘iroqsiz, mobil ilova orqali chaqirishga va tez tibbiy yordamni kuzatishga, eng yaqin tez tibbiy yordamni chaqiruv manziliga yetib borishiga imkon beradi. Qisqa vaqt ichida tibbiy muassasalarning ma’lumotlar bazasidagi muhim aloqalarni topish va xodimlar bilan bevosita aloqada bo‘lish imkonini beradi.

“Texnik jihatdan, bu dastur iOS va Android operatsion tizimlariga mobil ilovani o‘rnatish orqali, shuningdek, haydovchining Android dasturini va tez yordam dispetcheri uchun ma’lumot boshqarish “web-interfeys”ini o‘z ichiga olgan tizim sifatida qo‘llaniladi”- deydi Madina.

TezMed tizimidagi yangilik shifokorlar bemorlarning kasalliklari va mavjud allergiya holati haqida ma’lumot keltirilgan elektron tibbiy kartasidan foydalana oladi. Bunday ma’lumotlar shifokorlarga tez va to‘g‘ri tibbiy xulosa chiqarish hamda to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi. Bundan tashqari, dasturning o‘ziga xos xususiyati shundaki, qo‘ng‘iroqdan so‘ng siz tez yordam brigadasini kuzatishingiz, kelish vaqtini bilishingiz va tibbiy xizmatni baxolashingiz mumkin.

TezMed tizimi yoqilg‘i sarfini kamaytirish, kerakli statistikani olish, yolg‘on chaqiriqlarni aniqlash, favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar va kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Endi dispetcherlar qog‘oz to‘ldirib ovora bo‘lishmaydi. Faqatgina kelib tushayotgan onlayn-chaqiruvlarni tasdiqlashadi, xolos. Bu orqali eng yaqin tez tibbiy xizmatini ham avtomatik ravishda aniqlash mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, ushbu loyihaning muallifi Xamidova Madina International House – Tashkent akademik litseyining uchinchi bosqich talabasidir. Bu loyiha ustida 2018-yil mart oyidan boshlab ish olib borgan. Bu innovatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘limi boshlig‘i tomonidan amaliyotga tadbiq etishga yo‘naltirildi.

Ulashish

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting