O‘zbekiston mudofaa vaziri Qozog‘iston hamda Rossiya harbiy delegatsiyaslarini qabul qildi

12-oktabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Qozog‘iston hamda Rossiya mudofaa idoralarining rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda “Korrespondent.uz”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

0067 korrespondent.uz SNG MInisteri oboroni
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Baxrom Abdurahimov

Abdusalom Azizov hamkasbi Nurlan Ermekbayevni Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, ikki mamlakat o‘rtasida 2018-yilda strategik hamkorlikning yangi cho‘qqisiga chiqqan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘z nutqida joriy yilning yoz oyida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ikki bosqichli qo‘shma mashg‘ulotlar haqida ham to‘xtaldi. Mazkur mashg‘ulotlar harbiy mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuviga zamin yaratib, ikki mamlakat armiyalari har qanday sharoitda ham birgalikda ishonchli harakatlana olishini ko‘rsatib berdi.

0066 korrespondent.uz SNG MInisteri oboroni
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Baxrom Abdurahimov

Shundan so‘ng, Abdusalom Azizov Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar O‘zbekiston — Qozog‘iston hamda O‘zbekiston — Rossiya davlatlari mudofaa sohasida hamkorlikning ayni vaqtdagi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalarni muhokama qildi, harbiy texnika yo‘nalishida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasida fikrlar almashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlikning normativ-huquqiy bazasi davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo tuzilmalarning o‘ttizga yaqin hujjatlarida belgilangan.

0068 korrespondent.uz SNG MInisteri oboroni
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Baxrom Abdurahimov

2000-yildan boshlab O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida har yili tasdiqlanadigan Harbiy hamkorlik rejasi asosida amalga oshiriladi. Mazkur rejalarni amalga oshirish doirasida tezkor va o‘quv-jangovar, harbiy ta’lim, harbiy xizmatchilarni tayyorlash va malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, havo harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’minotni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

0069 korrespondent.uz SNG MInisteri oboroni
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Baxrom Abdurahimov

Rossiyalik hamkasbi bilan suhbat davomida Abdusalom Azizov rossiyalik harbiy mutaxassislar ishtirokida qo‘shma tadbirlarning muhim ahamiyatga ega ekaligini qayd etdi.

2017-yil oktabr oyining boshida Forish tog‘ dala o‘quv maydoni (Jizzax viloyati) bazasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma harbiy mashqlari ikki tomonlama munosabatlarning yanada mustahkamlanishi va o‘zaro manfaatli aloqalarning kuchayishiga yangi turtki berdi. Xususan, O‘zbekiston va Rossiya qurolli kuchlarining tog‘-o‘qchi bo‘linmalari eng qiyin tog‘ sharoitida hamkorlikda o‘quv jangovar vazifalarni bajarish bo‘yicha tajriba va qobiliyatlarini namoyish qildi.

0070 korrespondent.uz SNG MInisteri oboroni
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati / Baxrom Abdurahimov

2017-yil 24-oktabrda Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. 2017-yil sentabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi huzurida harbiy attashe lavozimi joriy etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari tomonidan 2019-yilgi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining harbiy havo kemalari tomonidan ikki mamlakat havo makonidan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.