O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan suhbat

0
155
marta oʻqilgan
008 Korrespondent.uz Jamol Kamol
Foto: UzA
Maqolalaringizdan birida ziyolilarni jamiyat havosining ozon qatlamiga mengzagansiz. Bugun adabiyot ahlining hayotdagi o‘rni qanday?

Dunyo har bir millatni, avvalo, uning olimu fuzalolari, shoiru udabolari, ya’ni adiblari orqali taniydi. Bobolarimiz ilmu adab, deb bekorga aytishmagan. Farzandlarni hamisha ilm olib, adab o‘rganishga undagan. Olamni bilish odamni bilish, Allohni bilish – ilm. Adab – odamiylikdir.

Mavlono Jaloliddin Rumiy demishlar:

Odamiyro odamiyat lozimast,
Gul agar xushbo‘ naboshat, hezumast …

Ya’ni, odam farzandiga odamiylik lozim. Gulning atri bo‘lmasa, u gul emas, xashak… Hamma narsa parvarishga muhtoj bo‘lganidek, bu fazilatlar ham tarbiyaga muhtoj. Tarbiyachi kim? Tarbiyachi – adabiyot. Adabiyot nazmu nasr vositasida har lahza ta’kidlab turadi: “Hoy inson, Allohning yer yuzidagi xalifasi, sevimli bandasi, zoti sharifdirsan! Shu nomu maqomga munosib bo‘l! Nazaringni baland tut, baloyi nafsga qul bo‘lma! So‘nggi borar joying Haq dargohi ekanini unutma!”.

Ilhom shoirga berilgan Allohning go‘zal ne’matidir. Ilhomga yo‘g‘rilgan so‘z, adabiyot – ruhiyat, ma’naviyat fani. Kelishgan qaddu qomating bo‘lsayu shunga yarashiq ruhiyating, ma’naviyating bo‘lmasa, bahoying sariq chaqa.

Adabiyot o‘qib, uni o‘rganib, shu xulosaga keldimki, dunyoda hamma fanlar bir taraf, adabiyot bir taraf. Hamma fanlar taningga xizmat qiladi, adabiyot esa joningga, ruhingga quvvat beradi. Taning tuproqdan, ruhing – Allohning dargohidan. “Ilhom” so‘zining tag-tagida “iloh” yotishini eslasak, manzara ayon bo‘ladi. Ilhom shoirga berilgan Allohning go‘zal ne’matidir. Ilhomga yo‘g‘rilgan so‘z, adabiyot – ruhiyat, ma’naviyat fani. Kelishgan qaddu qomating bo‘lsayu shunga yarashiq ruhiyating, ma’naviyating bo‘lmasa, bahoying sariq chaqa. Adabiyot o‘qigan bilan o‘qimaganning farqi bor. Adabiyot o‘qiganlarda so‘z tuyg‘usi, adolat tuyg‘usi baland bo‘ladi. Yurish-turishi, so‘z-muomalasida ko‘ngil sofligi, samimiyat aks etib turadi. Demoqchimanki, yashasin adabiyot! Saviyasi baland, bayrog‘i yuksak, fikri teran, tasavvuri cheksiz, insonda insonni tarbiyalab, uni himoya qiladigan adabiyot. Millat adabiyoti bilan go‘zal, adabiyot haqiqati bilan. Adabiyot – haqiqat jarchisi, haqiqat – adabiyot bayrog‘i. Zamirida haqiqat qoni gupurib oqmagan adabiyot adabiyot emas.

Bugun qalam ahliga e’tibor anchayin baland. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun muhtasham bino, yozuvchilar uchun yangi shinam uy-joylar… Xullas, ijod qilish uchun barcha sharoit muhayyo. Shunday muhitda ijodkorlarimizdan yetuk, barkamol, hikmati asrlarga tatigulik asarlar kutishga haqlimizmi?

Albatta, haqlimiz. Qulay sharoit bo‘lishi, bo‘lmasligidan qat’i nazar, hamisha yetuk asarlar yaratilishini kutib, umidvor bo‘lib yashaymiz. Unutmang, ustoz Oybek “Navoiy” romanini tanchada o‘tirib, kerosin lampa yorug‘ida yozgan…

Ilhom Allohdan, deb bekorga aytmadim. Iste’dod va g‘ayrat qo‘shilgan joyda esa mo‘jiza yuz beradi, uni adabiyot, deb atashadi. Shu o‘rinda afsus bilan aytishim kerakki, yosh ijodkorlarimizda yetarlicha shijoat, harakat ko‘rmayapman. Ular jahon adabiyotini, ayniqsa, Sharq adabiyoti durdonalarini o‘qishi, ta’bir joiz bo‘lsa, simirib ichishi kerak.

Men Hazrati Ali devonini o‘qidim. Shayx Attorning “Mantiqut tayr” yoxud “Asrornoma”, Mavlono Rumiyning “Masnaviy”sini o‘qidim, degan birorta yosh qalamkashni hali uchratmadim. Nega “Qush tili” olti yoshli Alisherni shunchalar maftun etgan? Nega “Asrornoma” o‘n ikki yoshli Jaloliddinni mahliyo qilgan? Nahotki, bu savollar yoshlarni qiziqtirmasa? So‘rab ko‘ring-chi, ular Navoiyning necha g‘azalini yod bilishar ekan? Ayniqsa, Zulfiya mukofotini olayotgan yosh shoiralardan. Biladiganlari oz.

Ijod – mashaqqatli mehnat, uzluksiz o‘qish, izlanish, intilish demak. Bu mehnatni bo‘yniga olganlar maqsadiga erishadi. Yengil-yelpi munosabatdan hech narsa chiqmaydi.

Ijodkor sifatida bugungi milliy jurnalistikaning holatini qanday baholaysiz. Sizni qoniqtiradimi?

Yo‘q, qoniqtirmaydi… Prezident Shavkat Mirziyoyev bir chiqishida qabul qilayotgan yangi farmonlarimiz, qonunlarimiz jamiyatining quyi qatlamlarida yetarlicha ishlamayapti, deb kuyinib gapirganini eshitdim. Nega ishlamayapti? Sababi nima?

Sababki, o‘sha quyi qatlamlarda mahalliy amaldorlar ustidan o‘rnatilgan jamoatchilik nazorati hali-hamon sust. Ular hamon o‘sha-o‘sha, o‘zi xon, ko‘lankasi maydon. Pora bilan qo‘lga tushgan amaldorlarni eshitayapmiz. Ularga jazo tayin, lekin hali ham ko‘pchiligi porasini olib, yallo qilib yuribdi. Ularni xalq matbuot orqali nazorat qilishi kerak edi. Matbuot esa jonsiz.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Hukumat yoki parlament organi bo‘lmish gazetalar obunasiga bir oz qarashib, boshqa gazetalarga erk berish kerak. Toki ular aravasini o‘zi tortsin. Shunda musobaqa bo‘ladi. Xalq dardiga darmon bo‘lgudek maqolalar bilan chiqa olgan gazetalar yashaydi, qolganlar maydonni tark etadi. Aytmoqchimanki, to‘rtinchi hokimiyat ishlashi kerak. Uch g‘ildiragi ishlab, bir g‘ildiragi ishlamasa, mashina yuradimi? Jamiyatimiz hozir ayni shu holatni boshdan kechirmoqda.

Siz tajribali tarjimonsiz. Yaqinda Toshkentda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotni xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda bugungi tarjimonlik maktabining og‘riqli masalalari ham muhokama etildi. Bu haqda sizning fikringiz qanday?

Afsuski, o‘sha anjumanga meni taklif etishmadi.

Tarjima – oliyjanob san’at, qudratli qurol, vosita. Ellarni ellarga, dillarni dillarga ulaydi. Tarjima vositasida boshqa xalqlarning hayot saboqlari, ko‘ngil tajribasi bilan tanishamiz, ruhoniyatimizni boyitamiz.

Jahon adabiyotidan qilgan tarjimalarimni bir chekkadan tizsa, o‘ttiz jildga yetadi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviy”si, Shayx Fariduddin Attorning olti kitobi, Vilyam Shekspirning o‘n ikki dramasi, bir yuz ellik to‘rt soneti, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning (“Foniy“ turkumidagi) g‘azallar va qasidalardan iborat kitoblari, Shayx Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz”, Radiy Fishning “Jalolidin Rumiy”, Sotim Ulug‘zodaning “Abulqosim Firdavsiy” romanlari, Qur’oni karim ma’nolarining adabiy-nazmiy tarjimasi shular jumlasidandir.

Tarjimada faqat ma’no aniqligi va tiniqligi kifoya qilmaydi. Unda muallif ruhi ham aks etishi kerak. Bu satrlar, misralar va jumlalarning qanday jaranglashiga bog‘liq. Tarjimon muallif ruhini his etishi, uni yuragidan o‘tkazib, qog‘ozga tushirishi lozim.

Shu kunlarda nimalar bilan mashg‘ulsiz?

Ozarbayjon Respublikasi elchixonasi Madaniyat markazining taklifi va yor-do‘stlarning tashviqoti bilan og‘ir yukni yelkamga oldim. Bundan uch yil avval Shayx Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si tarjimasiga kirishdim. Jami besh doston, olti kitob. Bugunga kelib, “Maxzanul asror”, “Layli va Majnun”, “Iqbolnoma” nashr etildi. “Sharafnoma” chop etilmoqda. “Xusrav va Shirin” bosmaga tayyor. “Haft paykar”, ya’ni “Yetti go‘zal” tarjimasini yaqinda tugatdim.

Bilasiz, Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Sharq adabiyotida xamsachilikni boshlab bergan asar. “Ummul xamsa“ degan shuhrati bor, ya’ni “Xamsa”lar onasi“. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy “Xamsa”si ham ana shu kitobga payrov qilib yaratilgan. Hazratning o‘zlari buni alohida ta’kidlaganlar:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher hamlasiga sher jangi,
Agar sher bo‘lmasa, bori palangi.

Shunday asar tarjimasi menga nasib etgani uchun Xudoyimga shukronalar aytaman…

Ustoz, suhbatimiz yakunida yangi she’rlaringizdan taqdim etsangiz.

Marhamat:

Men Shukrullo desam …

Bir ulfatim tutdi savolga meni:
Izhor aylamoqqa, ana, keldi payt,
Shukrullo deganda ko‘rasan kimni?
Bir so‘z bilan uning ta’rifini ayt…

Hay, oson emishmi? Judayam mushkul,
Bir so‘z bilan buni qandoq aytaman?
Bir asrga yaqin shoir umri ul,
Qara, qayga borib, qaydan qaytaman…

Men Shukrullo desam har safar, illo,
Bir inson bo‘y cho‘zar qarshimda buyuk.
Haq so‘zini doim aytguvchi burro,
Eliga ardoqli, xalqiga suyuk.

Men Shukrullo desam, osonmas menga,
Yuragim tirnalib, bag‘rim qonlanar.
Zamonlar ko‘rinar burkanib tunga,
Mustabid tuzumning turqi jonlanar.

Men Shukrullo desam, yodimga shu dam
Toptalgan elimning faryodi kelur.
Har o‘n yilda bir bor boshi kesilgan
Xalqimning munavvar avlodi kelur.

Men Shukrullo desam, jonim uvushar,
Fitratu Qodiriy, Cho‘lponlar hamon,
Usmon Nosir, Elbek yodimga tushar,
Botu avaxtada chekadi fig‘on…

Men Shukrullo desam, ko‘rinar albat
Horib, hansiragan, tani jiqqa ter,
Olis Magadanda chekib mashaqqat,
Qorniga tosh boylab, g‘altak surgan er!

Men Shukrullo desam, tasavvur aro
Bir siymo ko‘rinar metin bardoshli.
Elim, vatanim deb ko‘ksida yaro,
Kulsa, yig‘lasa ham ko‘zlari yoshli.

Men Shukrullo desam, ko‘raman shaksiz,
Yarqirab saf chekar necha kitoblar.
Istiqlol nash’asi ila yoniq so‘z,
Yuksak minbarlardan uchgan xitoblar…

Men Shukrullo desam, mehrim jo‘sh urib,
Qalbimda g‘ururim bo‘lur ziyoda.
Bir yurak qarshimda yonar gupirib,
Yulduzdek charaqlab turar iroda.

O‘qib shoirimiz qismat nomasin,
Joizdir har safar, yo Olloh, demak.
Jam etib shodligu g‘ami hammasin
Bir so‘z bilan aytsak, Shukrullo demak!..

Yolg‘on gapirmaslik

Malayziyaliklardan so‘rashibdi: “Taraqqiyotga qanday erishdingiz?”
Ular javob berishibdi: “Biz yolg‘ondan voz kechdik…”

Basharning dardiga bo‘lgay davo yolg‘on gapirmaslik,
Azaldin bandaga amri Xudo yolg‘on gapirmaslik.

Saharlar, odamiyga ne najot deb sen falakdin so‘r,
Kelur avji falakdin bir nido: yolg‘on gapirmaslik!

Kishiga avvalin husnu sharaf ne, tinglasang, aytay,
Anga husnu sharafdir avvalo yolg‘on gapirmaslik.

O‘qi, ming bir kitob ichra, ilohiy har xitob ichra,
Buyurmish anbiyovu avliyo yolg‘on gapirmaslik.

Hayoting bo‘lsa beravnaq, zamona bo‘lsa beshafqat,
Alamga choradir, ey benavo, yolg‘on gapirmaslik.

Eshik ortidami poying, baland minbardami joying,
Shior et, ey gado, ey podsho, yolg‘on gapirmaslik.

Bitar ko‘ngilda armonlar, yashar osuda insonlar,
Muyassar bo‘lsa gar olam aro yolg‘on gapirmaslik.

Jamolga haq jamolingdin, berib rostu halolingdin,
Nasib etgil anga, ey Rabbano, yolg‘on garimaslik!

Haqiqat, men seni sevdim…

Haqiqat, men seni sevdim,
kelur sendin saodatlar,

Agarchi gohi sevmaslar,
bo‘lakdir bizda odatlar.

Haqiqat, men seni sevdim,
o‘zing masjidu mehrobim,

Sening poyingda qilgaymen
duo birlan ibodatlar…

Haqiqat, men seni sevdim,
ko‘ngil oftobni sevmasmu,

Quyoshga oshiq ermasmu,
sahar bong ursa soatlar?

Haqiqat, men seni sevdim,
yo‘limda bo‘lmasang paydo,

Qani jonimga rohatlar,
qani jismimga toqatlar?

Haqiqat, men seni sevdim,
munofiqlarni sevmasman,

Ulardan kutganim har dam
malomatlar, malomatlar.

Haqiqat, men seni sevdim,
birovlar sevsalar mendek,

Ochilgaydi saxovatlar,
ko‘milgaydi adovatlar.

Haqiqat, men seni sevdim,
sening bag‘ringda jo ermish

Buyuklardan – buyuklarga
nasib etgan omonatlar.

Haqiqat, men seni sevdim,
agarchi maskaning osmon,

Seni tuproqqa qorgaydir
ihonatlar, xiyonatlar.

Haqiqat, men seni sevdim,
xiyonatpeshalar sevmas,

Ular ko‘p, sen esang tanho,
tilarman senga omadlar…

Haqiqat, men seni sevdim,
basharga qayda bor sensiz

Bu dunyoda diyonatlar,
u dunyoda ijobatlar?

Haqiqat, men seni sevdim,
seni xor aylasa millat,

Quyundek boshi uzra aylanur
har kun qabohatlar…

Haqiqat, men seni sevdim,
o‘zing Rabbimsan, Ollohim,

Seni derman, seni, gar kelsa
boshimga qiyomatlar.
Haqiqat, men seni sevdim…

A.Musayev, I.Ahatova, O‘zA