Izro Malakov: “O‘zim yahudiy, lekin butun vujudim o‘zbek! (video)

0
101
marta oʻqilgan

Qariyb 30 yildan beri Amerikada yashayotgan O‘zbekiston xalq artistlari Muhabbat Shamayeva va maqom ustasi Izro Malakov Respublika poytaxtidagi “Turkiston” san’at saroyida sahnaga chiqib, mashhur qo‘shiqlarini ijro etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. “Shu kungacha bunday imkoniyat bo‘lmagan edi”, — deydi san’atkorlar.

Foto: Amerika Ovozi

 Malakov Amerikadagi shogirdlarini ham o‘zbek ommasiga tanishtirdi. Kelasi hafta bu hofizlar Shahrisabzda o‘tadigan xalqaro maqom festivalida ham ishtirok etadi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Muhabbat Shamayeva O‘zbekistonning qadri, o‘zbek muxlislar va nega Amerikada yashashi haqida so‘zladi.

– Olisdaman, lekin qalbimda hamon O‘zbekiston artistiman, xuddi shu yerda yashaydigan odamdek ijod qilaman, – deydi Shamayeva.

– Nima uchun unda AQShda yashaysiz? – degan savolga u 1980-yillarda, Sovet davrida, yahudiylarga nisbatan siyosiy munosabat salbiy bo‘lgani va Amerika bu elat vakillariga eshik ochgani, jumladan, Buxoro yahudiylariga boshpana berganini sabab qilib ko‘rsatadi.

Shamayevaning barcha oila a’zolari o‘zi bilan Nyu-Yorkning Kvins tumanida yashaydi. Aynan shu hudud Buxoro yahudiylarining zamonaviy makonidir. Ular bu tumanda o‘z markazlari, matbuoti, ibodatxona va boshqa dargohlariga ega.

Buxoro yahudiylari O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi o‘tkazadigan madaniy tadbirlarda ham faol.

Izro Malakovning aytishicha, u ko‘p yillardan beri O‘zbekistonga mehmonlarni olib keladi. Musiqiy-madaniy targ‘ibotdan tashqari, mamlakatning xorijga notanish jihatlarini reklama qilishga ham urinadi. Malakov fikricha, o‘zbeklarning oilaviy qadriyatlari ayniqsa bebaho.

– O‘zim yahudiy, lekin butun vujudim, jismim o‘zbek, – deydi Malakov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

O‘zbekchilik uning uchun milliy qadriyatlar, odob-axloq va ma’naviy boylikdan iborat. Musiqa, xususan maqom, ularni o‘zida mujassam etgan yo‘nalish, deydi san’atkor.

Turkiston san’at saroyidagi konsert nafaqat ijodiy kecha, balki siyosiy tadbir ekanini Malakov tan oladi.

– Buxoro yahudiylari uchun katta sahnalar ochiq ekanligi O‘zbekistonning bag‘rikeng yurt ekanini ko‘rsatadi, – deydi u.

Buxoro yahudiylari faqat O‘zbekiston hukumati emas, Amerika siyosiy doiralariga ham yaqin. O‘zlarini madaniyat elchilari va o‘zaro manfaatlarni olg‘a surishga qodir iqtidorli jamoa deb biladi.

Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov bilan suhbatlarda ular bu borada faxr bilan so‘zladi.