Oʻzbekistonda robot-politsiyachilar xizmatga kirishishi kutilmoqda

0

2019-2020-yillarda butun Markaziy Osiyo mintaqasida Rossiyada ishlab chiqarilgan robot-politsiyachilar xizmatga kirishishi kutilmoqda. Bu haqda RIA Novosti nashriga Rossiyaning Promobot kompaniyasi rahbari Oleg Kivokursev xabar bergan, deb yozadi Sof.uz.

Illyustratsiya foto: Googe Images

Taʻkidlanishicha, 2018-yilning iyul oyida robot-politsiyachi Qozogʻiston Ichki ishlar departamentida xizmat qilishni boshlagan.

Kivokursev endi Oʻzbekistonda ham shunday amaliyot yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotgani haqida aytib oʻtgan.

“Biz ushbu loyihani boshqa mamlakatlarga ham keng targʻib qilishni rejalashtirmoqdamiz. Oʻzbekiston, Yaqin Sharq mamlakatlaridan soʻrovlar kelib tushgan, shu bois robot-politsiyachilar Osiyoda paydo boʻlishi mumkin. Janubiy Koreya ham bu loyihaga qiziqish bildirgan”, – deya qayd etgan u.

Mutaxassis soʻzlariga koʻra, robotning asosiy ishi xavf aniqlanganda bu haqida huquqni muhofaza qilish xodimlarini ogohlantirishdan iboratdir.

Robot 24 soat, yaʻni kunu tun tegishli hududni patrul qiladi, video tasvirga tushirib boradi, politsiya hisobida turgan jinoyatchilar bazasi asosida shaxslar “yuzlarini tanish” ishlari bilan shugʻullanadi.

U, shuningdek, “terrorizm”, “bomba” va boshqa shu singari kalit soʻzlarga reaksiya bildiradi va bu xususda ham tegishli idoraga ogohlantirish yoʻllaydi.

Shuningdek, robotda barmoq izlarini hisoblash funksiyasi ham mavjud. Shubhali shaxslar aniqlangan taqdirda, robot-politsiyachi joyning oʻzida shaxsni tekshirish ishlari bilan shugʻullanishi mumkinligi aytilmoqda.