O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi

0

Bugun, 17-avgust kuni O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda UzA xabar qildi.

korrespondent uz 1572

Halima Xudoyberdiyeva 1947-yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Ummatqul Xudoyberdi o‘g‘li va Shafoat Xonnazar qizi oilasida dunyoga kelgan.

O‘zbekiston xalq shoirasi (1992). Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972).

Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mexr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning kurki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. Uning tasviridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog‘lom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi mo‘jizaviy kuchdir. Halima Xudoyberdiyeva ayni shu nuqtai nazardan o‘zbek ayollarining o‘y-xayollarini, ichki kechinmalarini yorqin tasvirlaydi, zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini o‘stirishga intiladi.

Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning “Alla” pyesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan. Shuningdek, shoiraning xalq orasida “Suyunchi tog‘larim”, “Bobo quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat” va “Muqaddas ayol” kabi qator she’riy to‘plamlari sevib mutolaa qilinadi.

U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.

Ulashish