Sherzod Shermatov: maktablarda erkak o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa, tartib-intizom ham joyida bo‘ladi

0
83
marta oʻqilgan

“Ma’rifat” gazetasining elektron versiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalari hamda bu borada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida uyushtirilgan intervyu e’lon qilindi.

Foto: “Ma’rifat”

Vazir “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarorida belgilangan vazifalar, Xalq ta’limi vazirligining bu boradagi faoliyati xususida to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o‘qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud. 66 ming nafardan ortiq oliy ta’lim diplomiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar maktablarda faoliyat yuritmoqda. Erkak o‘qituvchilar ulushi 30 foizdan ham kam. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil etadi.

“Bir eslab ko‘raylik, o‘quvchilik yillarimiz erkak pedagoglar salmog‘i ancha yuqori edi. Shuning uchun tartib-intizom ham joyida, uncha-muncha bola yurak yutib, bezorilik qilavermasdi. O‘g‘il bolalarda yigitlarga xos mardlik, jasorat, tantilik, bir so‘zlilik kabi fazilatlarning shakllanishida erkak muallimlarning roli kattaligi inkor etib bo‘lmas haqiqat”, — dedi Sherzod Shermatov.

Uning qayd etishicha, bu muammolarning asosiy sababi, maktab ta’limi tizimidagi xodimlar oylik maoshining o‘ta past ekanidir.

“Oxirgi uch yillikni sarhisob qiladigan bo‘lsak, umumiy o‘rta ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning oylik maoshi eng past bo‘lib, o‘sish sur’ati ham boshqa soha vakillari maoshlariga solishtirganda ancha quyi darajada.

Bu pirovard natijada umumiy o‘rta ta’limda korrupsiyaning chuqur ildiz otib, ota-onalardan turli yig‘imlar ko‘payishiga, o‘qitish sifatining tushishiga, bolalar tarbiyasining og‘irlashib, ular orasida har xil jinoyatlar, o‘z joniga qasd qilish holatlari soni oshishiga sabab bo‘ldi.

Ta’lim sohasidagi holatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun Xalq ta’limi tizimi xodimlarining oylik maoshini bir emas, balki bir necha barobar oshirish zarur. Bu, o‘z navbatida, joylarda talabning ko‘payishiga hamda iqtisodiyotda faollikning oshishiga turtki bo‘ladi. Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya kabi davlatlar rivojlanishining siri ham aynan o‘qituvchilar oylik maoshining yuqori qilib belgilangani va har bir pedagog o‘rniga o‘nlab talabgorlar borligidadir.

O‘qituvchilarning oylik maoshidan kommunal xizmatlar uchun to‘lov haqini oldindan majburiy ravishda ushlab qolish, 200 dan ortiq nomdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna bo‘lish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar uchun chiptalar sotib olish, attestatsiyadan o‘tish va boshqalar respublika iqtisodiyoti tarmoqlari bilan taqqoslaganda, ularning shusiz ham past darajadagi ish haqining qisqarishiga olib keldi.

Boz ustiga, joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan xalq ta’limi tizimi xodimlarini ularning kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan yumushlarga jalb etish amaliyoti kuchaydi. Jumladan, tozalash va obodonlashtirish, turli yig‘ilish va uchrashuvlarda majburiy ishtirok etish, uyma-uy yurib, kommunal xizmat to‘lovlarini nazorat qilish, saylovoldi kampaniyalarining targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish kabilar o‘qituvchilarni obdon charchatdi.

Shunday ekan, avvalgi xatolarni qaytarmasdan, balki inson kapitaliga investitsiya kiritish to‘g‘riroq bo‘ladi. Yoshlarimizning bilim olishga qiziqishi ortishi uchun ular hayotda o‘qituvchilari boshqa soha vakillaridan ko‘ra ancha yaxshi yashayotganini ko‘rishlari shart.

Mazkur hujjatda yuqorida aytilgan barcha muammolarning yechimi, ularni hal etish mexanizmlari aniq-tiniq ko‘rsatilgan”, — deya xulosa qildi vazir.