Jahonning eng mitti mobil kompyuteri sotuvga chiqdi

0
263
marta oʻqilgan


GPD kompaniyasi taklifi va tashabbusi bilan Indiegogo kraudfanding platformasida jahonning eng mitti hamda ultra-ixcham GPD Pocket noutbuki uchun mablag‘ yig‘ishni boshlagach, bu jajji devays ko‘pchilikning diqqatini tordi. Loyihani amalga oshirish uchun tez orada 305 ming dollar, ya’ni keragidan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ to‘plandi.

Kompaniya bu gadjetni «noutbuk» emas, UMPC — ultra-mobil kompyuter deb atamoqda. Intel kompaniyasi ham 2006-2008-yillarda xuddi shunday mitti kompyuterlarni ishlab chiqarishga urinib ko‘rgan edi.

GPD Pocket 7 dyuymli sensor IPS-displey ega. Bu ekran 1920×1200 pikselli hamda Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi bilan qoplangan. Unda Intel Atom x7-Z8700 Cherry Trail protsessori, 4 GB operativ xotira hamda 128 GB doimiy xotira o‘rnatilgan. O‘lchamlari: 180 x 106 x 18,5 mm, vazni — 480 gramm. Devays akkumulyatori 7000 mA soat, ya’ni to‘liq quvvat bilan GPD Pocket 12 soat mobaynida ishlaydi.

Indiegogo platformasida GPD Pocket 399 AQSh dollaridan sotilmoqda. GPD Pocket qurilmasi Windows 10 yoki Ubuntu 16.04 Linux operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Noutbukni yetkazib berish 2017-yilning iyunidan boshlanadi.