Umid G‘afurov: Troll.uz, xorijda ta’lim, eng samarasiz tashkilotlar reytingi va o‘z faoliyati haqida

0

korrespondent_uz_1563

12 avgust – butun dunyoda yoshlar kuni. Bu shunchaki navbatdagi sana emas, dunyodagi jarayonlarga befarq bo‘lmagan yoshlarni birlashtirish va qo‘llab-quvvatlash kuni. Shukrki, o‘z pozitsiyasiga ega va uni dadil himoya qiladigan, boshqalarni ham fuqarolik pozitsiyasiga amal qilishga undaydigan o‘zbek yoshlari talaygina. Bugungi suhbatdoshimiz mana shu safning peshqadamlaridan biri, bloger, sayyoh, tadbirkor va umuman jamiyatimizdagi og‘riqli nuqtalarga keskin munosabati bilan tanilgan Umid G‘afurov.

Umid G‘afurov kim? Nima uchun atrofda sodir bo‘layotgan voqea hodisalarga u befarq emas?

Umid G‘afurov – o‘z huquqlarini yetarlicha bilgan va huquqlarini himoya qilishga harakat qilayotgan fuqaro. Ko’pchilik bloger sifatida tanib qolgan.

Asli buxorolikman. 1991-yilning sentabr oyida tug‘ilganim uchun Mustaqillik farzandiman desa ham bo’ladi. Tahsil olgan yo‘nalishim – turizm. Buxoro Davlat Universitetida bakalavrni bitirib, keyin magistraturasida bir yil o‘qidim va keyingi yili Italiyaga turizm-menejment yo‘nalishi bo‘yicha “Erasmus Mundus dasturi” (Yevropa Ittifoqi ta’lim almashinuvi dasturi) granti asosida o‘qishga ketganman. Internet sohasidagi faoliyatim, xususan Troll.uz loyihasi ham Italiyada ancha rivojlandi. O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng Buxoroda o‘qishni davom ettirishim kerak edi, lekin o‘qishni tashlab Toshkentga ko‘chib keldim. Yaqinlarim, tanishlarim o‘qishni bitirib olsang bo‘lardi, deyishardi. To‘g‘risi men magistraturani boshqacha tasavvur qilganman. Nafaqat magistraturani, umuman universitetda ta’lim olish jarayonini umuman boshqacha tasavvur qilgan edim. Italiyadan qaytganimdan so‘ng, dunyoqarashim biroz o‘zgardi.

Troll.uz loyihangizni asl pozitsiyasi qanday?

Troll.uz – hajviy loyiha. Loyihalarim orasida eng kattasi emas, lekin auditoriyasi jihatdan eng yirik va ommabop bo‘lib qolgan. Undan tashqari sahifalarim, blogim ham bor. O‘zim ijtimoiy muammolarni yumoristik demotivatorlar va komikslar orqali ko‘tarishga qiziqganim uchun Troll.uz’ni xobbi sifatida boshlagan edim. Meni ilhomlantirgan inson – Hojiboy Tojiboyev. U kishi bilan shaxsan tanish bo‘lmaganimga qaramay, ularni o‘z ustozim deb bilaman. Jamiyatdagi muammolarni qog‘ozga o‘rab gapirish usullari meni lol qoldiradi. Hech qachon uning darajasiga chiqa olmasam kerak.

Troll.uz’da foydalanuvchilar soni ko‘paygani sayin, mas’uliyatim ham oshib boraveradi. Ko‘pchilik “Troll.uz boshida yaxshiroq edi”, “Ko‘proq hajviy xarakterga ega edi”, “Hozir ijtimoiylashib ketdi”, degan fikrlarni bildirishadi. Bu mening ulg‘ayganim, dunyoqarashimning o‘zgarganidir. Loyihani boshlang’ich holiga qaytarishga harakat qilyapman.

Loyihangizni moliyalashtirish manbai qanday?

Xarajat deganda ko‘chilik faqat pulni tushunadi. Ammo asosiy kapital – vaqt. Ilgari vaqtimni deyarli qadrlamasdim. Yevropada sal o‘zgardi vaqtga bo‘lgan munosabat. Sababi u yerda odamlar vaqtini boshqacha taqsimlaydi va uni judayam qadrlaydi. Troll.uz esa aynan pul emas, juda ko‘p vaqtimni oladi. Asosiy vaqt internetdagi kuzatishlarimga sarflanadi. Atrofda sodir bo‘layotgan hodisalar, yangi qonunlar, intervyularni kuzatib borish kerak va ularga faol fikr bildirish kerak.

Har kuni kuzatasiz, tahlil qilasiz. Bugun bloggerlarga, jurnalistlarga umuman OAVga odamlarning munosabati qanday?

Shaxsan o‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har kim o‘z xohishicha fikrlaydi. Kimdir faoliyatimni maqtaydi, kimdir tosh otadi. Bizda bloger, jurnalist yoki diktorlarning ishiga quruq gap gapiradigan odamlar, deb qaraladi. Bunga o‘rganib ham ketganmiz. Albatta ijobiy fikrlar ham kam emas. Shular tufayli faoliyatimiz davom etmoqda.

Mening shaxsiy bir teoriyam bor. Inson xoh tadbirkor bo‘lsin, xoh boshqa soha vakili, uning qilayotgan mehnatining unumdorligi, unga aytilayotgan rahmatlar orqali bilinadi. Fikrimcha manaman degan biznesmen ham odamlarni rozi qilishga, ularning rahmatini olishga harakat qilishi kerak.

Negativ fikrlar hamma vaqt bo‘lgan, ularga e’tibor bermaslikga harakat qilaman. Xullas, hammaning fikri har xil. Internetda hamma o‘zicha qahramon. Shu jumladan men ham 🙂

OAVning o‘zichi? Ularda qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz, qaysi nashrlarni kuzatasiz?

O‘zbekistonda jurnalistika uyg‘onyapti. O‘zgarishlar bo‘lyapti. Ayniqsa internet nashrlarida buni kuzatish mumkin. Masalan ilgari Nikita Makarenkoni hech kim tanimas edi. Aytmoqchiman-ki, jurnalistlar xalq orasida mashhur bo‘lib boryapti. Kun.uz’ning bir qancha jurnalistlari ham juda kuchli maqolalar yozishadi. Elektron nashrlar o‘z reytingini ko‘tarish maqsadida qattiq mehnat qilishi tabiiy. Nashr daromadining oshishi ham reytingga bog‘liq. Bu esa ularning ko‘proq va tez mehnat qilishga undayapti. Rossiya yaxshi misol emasu, lekin u yerda ham yaxshi OAV namunalari bor. Biz chet elliklar qilganini qilish emas, ular qilgan va qilayotgan xatolaridan xulosa qilshni o‘rgansak yaxshi bo‘lar edi.

Nashralga kelsak, asosan elektron nashrlarining faoliyatini kuzataman. Davlat axborot agentliklari, saytlarini emas. Kun.uz, Gazeta.uz va boshqa xususiy nashrlarni o‘qib turaman. Uyimda televizorim yo‘q. Ko‘pchilik televideniyeda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lyapti deydi. O‘zim ham bir muddat ishlab ko‘rdim. U yerda hali ham konservatizm. Hatto davlat rahbarining o‘zi tanqidiy ruhda ishlanglar desalar ham baribir o‘rganib qolgan yo‘nalishida ishlaydiganlar ko’p. Ba’zilar o‘zini shu formaga kiritib olgan va undan chiqib ketishi qiyin bo‘lyapti.

Har soat emas-u, ba’zi-ba’zida yangiliklar bilan tanishib turaman. Albatta birinchidan fuqaro bo‘lganim uchun, ikkinchidan blogerligim tufayli. Yangiliklardan xabardor bo‘lib turishim muhim.

Eng shov-shuvli xabarlar birinchi bo‘lib internet nashrlarida chiqyapti. Shunday keyingina TV yuvib-tarab efirga beryapti.

OAV ichida internet jurnalistikasi kuchliroq. O‘zbekistonning o‘zida Telegram messenjeridan foydalnuvchilar soni 8 milliondan ortiq. Facebook’da esa 2 millionga yaqin. Xabarlarni yetkazish va ular tarqalishi juda tez sodir bo‘lyapti. Lekin buning ham muammoli tomoni bor. Ya’ni rost va yolg‘on axborot. Internetda axborotning rostligini tekshirish qiyin. Aniqrog‘i hech kim tekshirmaydi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yolg‘on xabarlarga ishonib ketaveradiganalar juda ko‘p. Masalan, men xozir yolg‘on xabar tarqatsam, ha Umid shunaqa dedi, deb ishonib ketaverishadi. Aslida har kim adashishi mumkin. Men ham adashaman. Har qanaqangi axborotga ishonib ketaverish bu katta xato.

Kuni kecha Facebook’dagi guruhlardan birida xabar tarqaldi. Postda bir yigit hech qanday dalillarsiz pedofillikda ayblangan. Bir kun ichida bu postni 6 ming marotaba repost qilishgan. Bu yigitni do‘zaxga ham yuborishdi, uni guruh bo‘lib do‘pposlashga tayyorlar ham topildi. Juda vaxshiy izohlar bildirilgan. Lekin rostdan ham bu odam aybdormi? Agar aybdor bo‘lsa, qonunan jazosini olsin.

Masalan, sizning profilingizga kiriboq, kimligingizni bilib olsa bo‘ladi. O‘sha yigit haqida xabarni qoldirgan ayolning profilini tekshirdim. Uning na sur’ati va na o‘zi haqida ma’lumotlari bor. Agarda shu yigitni kimdir ko‘chada ko‘rib qolsa, nima bo‘lishini tasavvur qilyapsimiz? Shuning uchun, odamlarda axborotni qabul qilish madaniyatini ham shakllantirish zarur.

Mavjud muammoni dangaliga gapirgansiz. Albatta ba’zi hollarda bu kimlargadir yoqmasligi, malol kelishi mumkin. Aytingchi sizga isbatan kimlardandir qachondir tahdidlar bo‘lganmi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa vositalari orqali?

Bu menga eng ko‘p beriladigan savol. Biron kishi sizni urushmaganmi, do‘q po‘pisa qilmaganmi deb so‘rashadi doim. Bir ikki marta bo‘lgan. Yulduzlarimiz bor-ku. Endi ularning joni nozik (kuladi). “Ko‘chirma-Prodakshn” loyihamiz ularga yoqmaydi. Xonanda Sardor Rahimxon sudga ham bermoqchi bo‘lgandi. Bu haqida sahifamda yozganimdan keyin sud haqida xazilalshganini ham aytgandi. Yulduzlarimiz shuni bilmaydi shekilli: har qanday PR baribir ularning foydasiga bo‘ladi. O‘sha xonandani “Ko‘chirma Prodakshn”ga chiqarganim bilan uning muxlislari soni ortsa ortadiki lekin kamaymaydi.
Telefon qilib “Sen kimsan, o‘zingcha blogersan”deganlari bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham o‘z chegaramni bilaman. Hamma mavzuda ham birovni ranjitmay yozish amrimahol.

Yevropada ta’lim olgansiz. O‘zbek yoshlarining xorijda o‘qishga intilishiga nima sabab bo‘layapti?

Birinchidan, O‘zbekistondagi ta’lim sifatining Yevropadagi ta’lim sifati bilan farq qilishida. O‘zbekistonda ta’lim sifati past. Ba’zilar bir vaqtlar juda sifatli bo‘lgan deyishadi. Lekin men u zamonda o‘qimaganman, shu sabab u davrdagi ta’lim haqida o‘z fikrimni aytolmayman. Ammo xozir magistraturani tamomlab turib, oddiy matnni bir dunyo xato bilan yozib beradiganlar juda ko‘p. Ko‘pchiligi kerak bo‘lsa o‘qishni qizil diplom bilan ham tugatishadi. Bunga sabab bo‘luvchi juda ko‘p faktrlar bor. Faqatgina korruptsiya yoki mentalitet emas. Sabablar ko‘p.

Yevropada esa amakingiz oliygohning rektori bo‘lsa ham siz baribir oddiy talabasiz. Rossiyada hali ham saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Korrupsiya va mentalitet aralashgan oliygohlar barcha Sobiq Ittifoq davlatlarida saqlanib qolgan bo‘lsa kerak, ammo g‘arbdagi oliy o‘quv yurtlari o‘z mavqeyi uchun juda tartibli va halol faoliyat olib boradi. Men o‘qigan universitetda agar kam ta’minlangan bo‘lsangiz sizga bir qancha imtiyozlar beriladi. Agarda shuni O‘zbekistonda joriy qilishsa, birdaniga hamma talabalar mahalladan kam ta’minlanganlik haqida spravka olib kelsa kerak. Har narsaga vijdonan yondashish ham juda muhim. Bu borada bizda katta muammo bor…

Sizningcha o‘zbek yoshlarining xorijda ta’lim olishiga qanday to‘siqlar bor?

Inson albatta dunyo ko‘rishi kerak. Shunda fikrlash doirasi kengayadi. Ko‘pchiligimiz hatto pulimiz bo‘lsa ham sayohatga chiqmaymiz. Hech bo‘lmasa qo‘shni davlatni, hatto qo‘shni shaharni ham borib ko‘rmaymiz. Toshkentda hammasi zo‘r deymiz. Boshqa shaharlarimizga ham borib bir ko‘ring. Masalan, Surxondaryoda bo‘lganimda og‘zim ochilib qoldi. Amerikanikidan qolishmaydigan konyonlari bor. Lekin marketing yo‘q. Sayyohlar deyarli yo‘q. Mahalliy aholi biladi xolos. So‘rasangiz, ha zo‘r joylarimiz bor, deyishadi. Borib ko‘rsangiz bu joylar zo‘r emas, daxshat!

O‘zbek yoshlarining xorijda ta’lim olishiga asosan mentalitetimiz to‘sqinlik qiladi. Ota-onalarning o‘ylashlari bo‘yicha, farzandi xorijga ketsa, bo‘ldi qaytib kelmaydi. O‘gil bo‘lsa bittasini topib olib bizni unutadi, qiz bo‘lsa, qiz bolaga xorijda nima bor, turmushga chiqishi kerak deyishadi. “Odamlar nima deydi?” degan o‘ylarimiz – eng katta kamchiligimiz va to‘sig‘imiz.

Yana bir to‘siq – odamlarning xorijda o‘qish uchun juda katta pul kerak deb o‘ylashi. Aslida unday emas. Bizning universitetlarda viloyatdan kelib o‘qisangiz G‘arbda o‘qigandan ham ko‘proq pul sarflaysiz. G‘arbda o‘qishga kirib olgandan so‘ng ishlash imkoni ham bor, shartnoma pulini bemalol o‘zingiz yig‘sangiz bo‘ladi.

U holda O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirish uchun qanday islohatlarni amalga oshirish kerak?

Judayam yaxshi, biroq qiyin savol berdingiz. Ta’limda aynan muammo nimadaligini aytishim qiyin. Kimdir korrupsiya asosiy muammo desa, kimdir maosh masalasini aytishi mumkin. Ammo, o‘qituvchilarning maoshini birdaniga o‘n barobarga oshirib qo‘yganimiz bilan ta’limning sifati ham o‘n barobarga oshib qolmasligi aniq. Shunday taqdirda ham maoshlarni oshirishimiz zarur! Shartnoma asosidagi ta’limga oid o‘zimning bir qancha fikrlarim bilan chiqgan edim. Men grant asosida ta’lim berilishiga qarshiman. Grantlarni olib tashlash kerak. Eng iqtidorli talabalarga kreditlar va boshqa imtiyozlar berish kerak. Shu orqali shartnomalar miqdori kamayadi. Butunlay o‘zgartirish kerak hozirgi tizimni.

O‘zbekistondagi o‘quv yurtlari biznes modeliga o‘tishi kerak deb hisoblayman. Ta’lim berishga ham biznesdagiday yondashish lozim. Universitetlarimiz faqatgina davlatning byudjetiga qarab qolishi kerak emas.

Ammo biz hozir oliygohlarni gapiryapmiz. Vaholanki muammo maktab va bog‘chalardan boshlanyapti. Sherzod Shermatov bilan hamkorlik qilib turibmiz. U kishining fikrlari menga juda yoqdi. Aytishicha, har bir maktab avtonom bo‘lishi kerak. Maktab davlat byudjetida qolgan holda biznes modeliga o‘tishi lozim. Ayni vaqtda bizda hammasi markazlashgan. Lekin Xalq ta’limi vazirligida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyatda eng og‘riqli nuqtalari aynan nimalarda ko‘rinadi?

Bugungi kungacha “Osmonimiz musaffo” degan tushuncha bilan yashab keldik. Yoki mashinalarimiz qimmat va sifatsiz bo‘lsa ham “ha o‘zimizniki-ku” dedik. Dunyoviy fikrlash vaqti keldi. Mentalitetdan, e’tiqoddan kelib chiqib emas, avvalambor insoniylik hisidan kelib chiqib fikrlash kerak.

O‘zbekiston juda ko‘p davlatlardan sirayam qolishmaydi. Jadal rivojlanib bormoqda. Agar mentalitetni pesh qiladigan bo‘lsak, bizning mentalitetimizga dollar ham tog‘ri kelmaydi, saytlarinii ham yopib tashlashimiz kerak bo‘ladi. Korrespondent.uz’ni yopishingiz kerak bo‘ladi mubolag‘a qilib ayganda. Xullas, odamlar o‘ta subyektiv, ya’ni bir tomonlama fikrlashga o‘rganib qolishgan.

O‘zbekistondagi faoliyati eng qoniqarsiz bo‘lgan davlat tashkilotlarini ayta olasizmi va nima uchun shunday hisoblaysiz?

Ekologiya va atrof-mihitni muhofaza qilish qo‘mitasi faoliyatini juda qoniqarsiz baholagan bo‘lardim. Bu haqda juda ko‘p yozdik, muhokama qildik, lekin respublika bo‘ylab daraxtlarni kesish ishlari aksincha avjiga chiqib ketyapti. Undan keyin oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, xorij filmlari va musiqalari bizga to‘g‘ri kelish kelmasligini hal qiladigan barcha tashkilotlarning faoliyati, shahar arxitekturasiga mas’ul va hammayoqni “alyukobond” qilib qo’yganlar tashkiloti, va albatta “Yoshlar Ittifoqi”ning ham faoliyati har qanday tanqidga loyiq.

Qaysi davlat tashkilotida yoki muassasasida ishlashni xohlar edingiz?

Rosti hech birida ishlagim kelmaydi. Xalq ta’limi, turizm sohasidagi davlat loyihalarda qatnashib turaman. Men ishlashni xohlagan davlat tashkiloti hali-beri paydo bo‘lmasa kerak. Paydo bo‘lsa ham ko‘ylak kiyib borishim qiyin bo‘ladi ishga. Nima bo‘lganda ham, har bir sohada juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Katta natijalarni kutamiz.

Yaqin kelajakdagi rejalaringiz?

Ayni paytda uzoq vaqt orzu qilgan loyiham ustida ishlamoqdaman. Loyiha uchun joy ham topdim, investorlar bor, lekin hozir o‘zim kredit olib, hammasini shaxsan o‘zim amalga oshirish niyatidaman. Asl maqsadim ijodkor yoshlarni bir joyga to‘plab, u yerda noformal muhitda turli treninglar, suhbatlar va master klasslar o‘tkazish, yaxshi jamoani shakllantirish. Xullas, bu Co-Working’ga o‘xshash Ijodiyot markazi. Ijtimoiy jihatga ega bo‘ladigan turli loyihalarni jamlagan markaz bo‘ladi. Hozirda loyiha konsepsiyasi ustida ishlayapmiz. Troll.uz ham shu loyiha ichiga kiradi. Loyihaning jamoasi shakllanyapti, sentabr-oktabr oylarida ishni boshlash niyatidamiz.

Ikhtiyor Rakhman, Farhod Umarov tayyorladi