O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari xalqaro musobaqa rekordini o‘rnatdi

26-29-iyun kunlari MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasida harbiy-amaliy sportning “Ko‘p kurash harbiy sport kompleksi” turi bo‘yicha Belorus Respublikasi poytaxti Minskda bo‘lib o‘tgan halqaro musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari mezbonlardan keyin ikkinchi o‘rinni egallashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Nufuzli musobaqada Belarus Respublikasi (ikkita jamoa), O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi kabi MDHga a’zo davlatlardan oltita jamoa ishtirok etib, 100 va 3000 metrga yugurish, uzoqlikka granata uloqtirish, turnikda tortinish, to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan birgalikda o‘tish kabi harbiy kompleks mashqlarni yakka va jamoa tarkibida bajardi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Musobaqada podpolkovniklar Mansur Mamadaminov va Bahodir To‘xtanazarov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi jamoasi yuqori jismoniy tayyorgarliklarini namoyish qildi.
Kichik serjant Isoqjon Rustamov yagona to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan o‘tishda 2 daqiqayu 13 soniya natija qayd etib, nufuzli musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va harbiy kiyimda musoboqa rekordini o‘rnatdi (ilgari musobaqa ishtirokchilari sport kiyimida qatnashgan edi).

Ushbu musobaqada 4 nafar harbiy xizmatchi leytenantlar Shoxruh Nizomov, Faxriddin Mamarizayev, kichik serjant Isoqjon Rustamov hamda Umid Ahmadjonov “Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustasi” va Abbos Isxaqov “Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustaligiga nomzod” talablarini bajardi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Uchinchi o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi. G‘olib va sovrindor jamoalar kubok, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston harbiylari ushbu xalqaro musobaqalarda birinchi marotaba ishtirok etmoqda. Jumladan, shu yilning 16-20-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan harbiy-amaliy sport turining “Komandirlik startlari” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston harbiylari munosib ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Video: https://youtu.be/csX-q8Axm7I