O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova: Ko‘zimda qolgan sog‘inchim onam…

0

Dunyoda xizmat ko‘rsatgan va xizmat ko‘rsatmagan, yaxshi va yomon odamlar bor, lekin dunyoda xizmat ko‘rsatmagan ona yo‘q va ular hamisha farzandlari uchun yaxshi, muqaddas. Hikmatda ta’kidlanganidek: “Ayollar ko‘p, ona yagona”.

Rasul Gamzatov

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Urush nafaqat necha taqdirlarni bir-biridan ayirdi, balki butun insoniyatni qalban birlashtirdi! Sinovli yillar shamoli o‘zbek xalqini ham chetlab o‘tmadi. Eng muhimi, nondanda aziz bo‘lgan mehr-oqibat, qadr-qimmat o‘lmadi! O‘zbek oilasi– bag‘rikenlik, o‘zbek o‘g‘loni– jasorat, o‘zbek ayoli– vafo, o‘zbek onasi esa sabr, iroda timsoliga aylandi!

Mana bu yil 9-may kuni 2-jahon Ulug‘ Vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi tantanali ravishda nishonlanmoqda. Biz farzandlar shu kunni qayg‘u bilan, hayajon bilan onamizni eslab, ulug‘lab xotirlaymiz! Onamiz Ibrohimova Muazzam 1925-yilda Toshkent shahrida tug‘ilib, 2003-yilda og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tganlar.

Muazzam Ibrohimova

Marhuma onamiz 1941-yilda 16 yoshlarida Odessa shahridan Toshkentga evakuatsiya qilingan harbiy gospitalda mashhur ko‘z vrachi akademik Filatov rahbarligi ostida hamshira bo‘lib ishlab, urushda yarador bo‘lgan askarlarni parvarish qilgan fidoyi o‘zbek ayollaridan biri bo‘lgan edilar. Harbiy gospitalda urushda og‘ir yarador bo‘lgan, ikki ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan, oyoq-qo‘llaridan ayrilgan kishilarni mehr bilan parvarish qilgan ekanlar, ular minnatdor bo‘lib, onamizni “solnushka” deb atashgan ekan. Onamizning ikkinchi jahon Ulug‘ Vatan urushi davrida ko‘rsatgan bu fidoyi xizmatlari uchun urushdan so‘ng, davlatimiz tomonidan medallar bilan taqdirlanganlar.

Onamiz juda jasoratli, jonkuyar, sabr-toqatli, sadoqatli, kamtar inson edilar. Urushdan so‘ng meditsina xodimi bo‘lib ishlaganlar. 1984-yilda esa ishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun davlatimiz onamizni “Mehnat Faxriysi” medali bilan taqdirlangan.

Onamiz nihoyatda ulkan qalbga ega inson edilar. O‘zbek xalq kuylarini, Navoiy, Bobur, Mashrab she’rlarini chuqur tushunardilar. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini, Amerika yozuvchisi Teodor Drayzerning “Baxti qaro Kerri” romanini, Turgenevning “Arafa”, “Otalar va bolalar” romanini va shu kabi buyuk yozuvchining kitoblarini o‘qiganlar. Kitobdagi asar qahramonlari bilan birga qayg‘urardilar.

Onamiz umrlari davomida mehnat va mashaqqatlarda ezgu orzu-umidlar bilan yashab o‘tdilar. Marhum otamiz Ibrohimov Abdumalik jasoratli, to‘g‘ri so‘z, haqgo‘y, odil, vijdonli , jiddiy ziyoli inson bo‘lganlar. Biz olti farzandni halol mehnat bilan, to‘g‘rilik bilan tarbiyalaganlar. Otamiz 1974-yilda og‘ir kasal bo‘lib, bevaqt olamdan o‘tganlar. Shundan so‘ng onamizning boshlariga ne-ne qiyinchilik, turmush mashaqqatlari tushgan. Otamizdan so‘ng onamiz yolg‘iz o‘zlari bizlarni boqib, o‘qib, bilimli bo‘lishimiz uchun bor kuchlarini sarflaganlar. Onajonimiz kelajakda bizlarga juda katta umid bog‘lagan edilar. Lekin onamiz hech bir orzu-umidlarga erishmasdan, g‘aribona hayot kechirib, umrlarining oxirida ko‘zlari (glaukoma) ojiz bo‘lib qolib olamdan o‘tdilar. Agar onamiz hayot bo‘lganlarida bu yil 93 yoshga kirgan bo‘lar edilar.

Dunyoda onadek fidoyi, munis, g‘amxo‘r, mehribon bo‘lmas ekan. Ota-onasi hayot bo‘lganlar eng baxtli insonlardir. Bu dunyoda hech bir inson ota-onasidan so‘ng armon bilan o‘tmasligi uchun ota-onalari hayotliklarida ularni e’zozlashlari, doimo xursand qilishlari, ularga mehribon , g‘amxo‘r qariganlarida tayanch bo‘lishlari kerak ekan. Ota-ona olamdan o‘tganlaridan so‘ng esa, g‘aflatda qolganlar umrining oxirigacha armon azobida qiynalar ekan.

Marhuma onamizning qisqacha tarjimai hollarini yozishimizning sababi 9-may – Xotira va qadrlash kunini onamiz har yili hayajon bilan kutib olardilar. Ikkinchi jahon Ulug‘ Vatan urushi g‘alabasi bayrami onamiz uchun juda qadrli edi.

Onamizni bilgan va qadrlagan insonlar ularni shu kuni xotirlab, haqlariga duoyi-fotiha qilishlarini istar edik.

Farzandlaringiz…
2018-yil 7-may.

Ona yer insonga doim yo‘ldosh, ishonchli sirdosh, demak! Inson ana shu tuproqda tug‘ilib, o‘sadi, kamol topadi, rizqini teradi… Chingiz Aytmatovning “Somon yo‘li” qissasi bosh qaxramoni To‘lg‘anoy ham bir umr ona yerni o‘ziga sirdosh bilib, sinovli yillar dog‘ida faqat undangina madad oladi. Umri shomigacha unga sadoqatda o‘tadi…

Mazkur asar O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida yosh rejissyor G‘ofir Mardonovning timsollarida o‘ziga xos talqinini topgan. To‘lg‘anoy obrazini O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova yurak haroratlarida o‘qiymiz… Aktrisa navbatdagi ijrosini marhuma onasi Muazzam Ibrohimova xotirasiga bag‘ishladi!…

Inson umri qancha yashaganligi bilan emas, qanday yashaganligi bilan mazmunlidir! Shunday yashangki, umringiz yodi eng go‘zal timsol bo‘lsin! Zero, har kuningiz xotirlashga arzigulik qadr topsin!

Quyida ovozli intervyuni ham eshitishingiz mumkin: