Shuhrat Vafoyev Bloomberg’ga yevrobondlar, O‘zbekistonda oltin oldi-sotdisining liberallashtirilishi va boshqalar haqida intervyu berdi

0

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi ijrochi direktori Shuhrat Vafoyev Buyuk Britaniyaga tashrifi chog‘ida Bloomberg Daybreak Europe jurnalistlari bilan suhbatlashdideb yozadi “Daryo” nashri “Spot”ga tayanib.

Foto: “Spot”

O‘zbekistonning yevroobligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha rejalarini izohlash haqidagi savolga Vafoyev nufuzli xalqaro banklar bilan ushbu sohada O‘zbekistonning mustaqil reytingini olish borasida moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar olib borilayotganini aytdi.

“Likvidlilik bo‘yicha O‘zbekiston yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgani sababli, biz yevroobligatsiyalarni joylashtirishni likvidliligimizni oshirish yoki budjetimiz resurslarini to‘ldirish maqsadlarida rejalashtiryapmiz. Bu ko‘proq, limit narxni, standartni belgilashga, turli investitsiyaviy loyihalar ustida ishlayotgan yirik korxonalarimiz uchun xalqaro bozorlarni ochishga qaratilgan”, — dedi Vafoyev.

Shuningdek, Shuhrat Vafoyev Buyuk Britaniyaga energetika va neft-gaz sektoridagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biznes-forumda qatnashish uchun kelganligini aytdi.

Tiklanish va taraqqiyot fondi rahbari O‘zbekistondagi islohotlar shunchalik tezkorlik bilan rivojlanayotgani, natijada hammasini e’tiborga olish ba’zan imkonsiz ekanligini ta’kidladi.

Oltin sohasidagi islohotlarga kelsak, uning fikricha, bu yerda o‘zgarishlar yuz beradi: “Bilishimcha, birinchi navbatda Markaziy bank mamlakat ichida oltin savdosini liberallashtirishga aloqador takliflarni ilgari surishni boshlaydi. Shu tariqa, oltin sotish, shuningdek, taqinchoqlar chiqarish jarayoniga aloqador aholi va korxonalar raqobat asosidagi va yetarlicha arzon oltin bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Vafoyev.

Suhbat oxirida intervyu oluvchilar ayni paytda Buyuk Britaniyada qandaydir aktivlarni sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘radi. “Yo‘q, bizda O‘zbekistonda rivojlanishni talab qilayotgan tomonlar o‘ta ko‘p, shuning uchun biz bu yerda futbol jamoalarini sotib ololmaymiz”, — deya hazil qildi Vafoyev bunga javoban.