O‘zbekiston tashabbuslarini Vashintondagi rasmiylar iliq kutib olishayapti

0

“Yaqinda dasturlarimizning biriga “O‘zbekistonda inson huquqlari borasida ro‘y berayotgan yangiliklarni, o‘zgarishlarni AQSh, G‘arb ahli qanday baholaydi?” degan savol kelib tushdi. Umuman, so‘nggi paytlarda bunday murojaatlar tez-tez yangramoqda”, – deydi “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imamova “Amerika manzaralari” nomli ko‘rsatuvida.

Foto: AP

Muxbirning aytishicha, uzoq davr mobaynida O‘zbekistonga Vashingtonda inson huquqlari bo‘yicha salbiy qarash mavjud bo‘lgan. Bugungi kunga kelib esa, Amerika rasmiylarining fikri o‘zgargan. O‘zbekistonda yangi rahbar ish boshlaganiga bir yildan ziyod vaqt bo‘lganini inobatga olib, ular amalga oshirilayotgan ishlarni ular “Umidga, optimizmga to‘la”, deb baholashmoqda. “O‘zbekona ta’bir bilan aytganda, bu munosabatlarga ko‘z tegmasin, degan ma’no mujassam. Ya’ni “Mana shu ijobiy to‘lqin, o‘zgarishlar jarayoni davom etaversin, orqaga qadam tashlanmasin hamda O‘zbekiston dunyo va o‘z xalqi uchun ochilaversin” mazmunidagi munosabatlarni eshitayapmiz”, – deydi muxbir dasturida.

O‘tgan bir yildan ortiq muddatda O‘zbekistonda 25 ga yaqin siyosiy mahbus ozod qilindi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi rasmiy ravishda bayonotlar berib, O‘zbekiston Hukumatining bunday tashabbuslarini olqishlamoqda. Va hozir kim bilan gaplashmang, “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlanishi uchun olg‘a qadamlar tashlanaversin, tub muammolarga qarshi kurash kuchayaversin”, degan fikrlarni bildirmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashabbuslarini Vashintondagi rasmiylar iliq kutib olishayapti.

AQSh siyosatchilari Shavkat Mirziyoyevning islohotlari haqida qanday fikrda?
Navbahor IMOMOVA,
«Amerika ovozi» muxbiri.
“Xalq so‘zi” uchun.