BMT va o‘zbekistonlik yoshlar: BMT Modeli tashkilotchisining fikrlari

0

“Korrespondent O‘zbekiston” mehmoni Toshkentdagi Vestminster Universiteti talabasi va o‘quv yurtida tashkil etilgan BMT modelining tashkilotchisi Mehriniso Hamrayeva.

BMT Bosh Assambleyasi. Mehriniso Hamrayeva Nyu-Yorkdagi BMT Modelining “BMT modeli dunyoni yaxshi tomonga qanday o‘zgartira oladi?” mavzusidagi anjumanida. Avgust, 2017-yil / Foto: BMT
Mehriniso, iltimos o‘zingiz haqda qisqacha gapirib bering?

Ayni vaqtda Toshkentdagi Vestminster universitetining Biznes boshqaruvi fakultetining 3-bosqich talabasiman. Shuningdek men o‘quv yurtimizdagi BMT Modelining Xalqaro konferensiyasining tashkilotchilaridan hamman.

Nima uchun BMT modeliga a’zo bo‘ldingiz?

3 yilcha avval men o‘quv dargohimizdagi BMT Modelining konferensiyasiga yozildim. Avvaliga konferensiya haqida menda hech qanday ma’lumotlar yo‘q edi. Men uchun aynan anjumanning o‘tish jarayoni judayam qiziq tuyulgan. Birinchi marta men rad javobini olganman, lekin konferensiyaga bir kun qolganda menga telefon qilib unda ishtirok etishim mumkinligini aytishgan. Nimalar sodir bo‘layotganini tushunmasamda, rosti juda xursand bo‘lib ketganman. Xullas konferensiyada ishtirok etdim. U meni chindan ham o‘zgartira oldi. O‘shanda men o‘z taqdimotimda Kosta-Rikadagi gender tengsizligi mavzusini ko‘tarib chiqdim. Konferensiyada menga mavzuni muhokama qilish imkoniyatining berilishi judayam yoqgan.

Bu mahalliy va xalqaro konferensiyalar faqatgina sizning o‘quv yurtingizda bo‘lib o‘tmoqdami?

Ayni vaqtda BMT modelining konferensiyalari Toshkentdagi Vestminster universiteti, Diplomatiya universiteti hamda Sharqshunoslik universitetlarida tashkillashtirilmoqda. Shuningdek, bir yilda bir marta Toshkentdagi AQSH elchixonasida ham bo‘lib turadi. Jahon tillari universiteti ham BMTning boshqa tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda.

BMT Bosh Assamleyasi, Avgust, 2017-yil / Foto: BMT
O‘quv yurtingizda tashkil qilingan BMT Modelida necha kishi faoliyat yuritmoqda?

Ayni vaqtda bizning universitetimizda 30 ko‘ngilli faoliyat olib bormoqda. Universitet ma’muriyati tashkiliy ishlarda bizga ko‘maklashadi.

BMT siz uchun qanday tashkilot va nima uchun siz unga ishonasiz?

Gap hatto Birlashgan Millatlar tashkilotida ham emas, gap tashkilotning olib borayotgan faoliyatida. Masalan, BMT modelining tashkillashtirayotgan konferensiyalarida odamlar biladigan lekin, bu haqda ular eslamay qo‘ygan global muammolar ko‘tarib chiqiladi. Afrikadagi ocharchilik, dunyo bolalarining ta’lim olishi, Hindistondagi bolalarning ijtimoiy ko‘makka muhtojligi  – biz hammamiz bu muammo haqida bilamiz. Biz bu muammolarni insonlarning shu muammolarning qanchalik jiddiyligini bilib olishi uchun muhokama qilamiz. Bu kabi muammolarni tushunish boshqa, ta’n olish boshqa. Dunyoda maktabga borishga imkoni yo‘q bolalar bor. Biz ana shu muammolarni muhokama qilamiz. Buning sababini o‘rganamiz, aniq to‘xtamga kelib yechim axtaramiz. Shu kunga qadar bugungi kunda hududida ziddiyatlar kelib chiqgan davlatlar muammolarini ham muhokama qildik.

Tashkilotning jahon bo‘ylab zaiflashganini bilasizmi?

Afsuski shunday. Amerika Qo‘shma Shtatlarining YuNESKO’ni tark etishi evaziga shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak. AQSH YuNESKOni moliyalashtirishni to‘xtatish haqida qilgan qarori vaqtida tashkilotning byudjetiga AQSHning ulushi jami miqdorning 22% ni tashkil etardi. Ha zaiflashgandir. Men bu xabardan hecham xursand emasman. Dunyoda BMTning roli juda muhim. Rivojlangan davlatlarda ta’lim tizimi juda yaxshi rivojlangan, qolgan davlatlarchi? Ta’lim tizmining rivojlanishi o‘sha ortda qolayotgan davlatlarga nima xalaqit beryapti. Iqtisodmi, kadrlarmi yoki boshqa muammolar? BMT aynan ana o‘sha va boshqa global muammolarni ko‘tarib chiquvchi tashkilot.

O‘tgan xaftada O‘zbekistonda ilk bor BMT Modelining xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, Siz ham unda ishtirok etdingiz. Ushbu konferensiyaning O‘zbekistonda o‘tkazilishidan maqsad nima?

BMT modeli – Birlashgan Millatlar Tashkiloti yig‘ilishlarining kichik shakli bo‘lib, unda talabalar turli xil davlatlar vakillari sifatida ishtirok etishadi va ushbu mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilishadi. Universitetimizda  BMTning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi va YuNESKOning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi hamkorligida 17-18-mart kunlari BMT Modelining Xalqaro Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanning ochilish marosimiga BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer, O‘zbekistondagi YuNESKO vakolatxonasi vakili Badarh Dendev tashrif buyurdilar. BMT Modeli TXVUda 2012-yildan buyon samarali ish yuritib kelayotgan klublar qatoridan o‘rin egallaganligi alohida e’tiborga loyiq. 6 yil davomida mahalliy konferensiyalar o‘tkazilgan bo‘lib, 7-konferensiya O‘zbekistonda BMT Modelining birinchi Xalqaro anjumani sifatida tashkillashtirildi. Anjumandan maqsad, talaba yoshlarni o‘z fikr hamda maqsadlarini erkin, ravon va tushunarli qilib diplomatik bayon etishiga ko‘maklashish.

BMT modeli siz kabi yoshlarga qanday yordam beradi va tashkilotning rolini oshirish uchun sizga o‘xshagan yoshlar nima qiladi?

Agar o‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, uch yil avval men umuman boshqa inson edim. Men o‘z fikrimni uyalganimdan to‘liq ifoda qilib bera olmasdim. Ayniqsa omma oldida nutq so‘zlashdan qo‘rqardim. Meni, odamlarga yoqmasamchi degan hadik har doim xavotirga solgan. Ayni vaqtda esa mening o‘zimga ishonchim aynchayin ortgan. Bilimlarim oshgan. Endi dunyoga boshqa ko‘z bilan boqyapman. Sodir bo‘layotgan muamolarni batafsil bilishga kirishaman. BMT modeli sizni o‘zingizga ishonishga, fikringizni ravon ayta olishga o‘rgatadi. BMT modelida litsey, maktab hamda oily o‘quv yurtlarining talabalari bemalol ishtirok etishi mumkin.

Mehriniso Universitetingiz qoshida BMT Modelini tashkil qilgan ekansizlar. Yaqinda u yerda Jessup xalqaro huquqshunoslar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Undan tashqari BMT modelining ilk konferensiyasi ham tashkillashtirildi. Aytingchi O‘zbekistondagi boshqa oliy o‘quv yurtlari ham xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi va ularda xalqaro tanlovlarni o‘tkazish nimalarga va kimlarga bog‘liq. Qisqacha qilib aytganda nima uchun boshqa universitetlar deyarli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmaydi?

Ishonchim komil ayni vaqtda ko‘pchilik oily o‘quv yurtlari xalqaro tashkilot va tanlovlar bilan hamkorlik qilishga kirishishgan. Agar hamkorlik yo‘q bo‘lgan bo‘lsa, birinchi sabab, ma’lum o‘quv yurtining ingliz tili fakulteti yo‘qligi bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik talabalar biznes, marketing, moliya ya’ni tez va ko‘p daromad keltiradigan sohalarda tahsil olishmoqda. Balki ba’zi yoshlar BMT modelini vaqtni bekor ketkazish deb hisoblashar. Lekin unday emas, biz amaliy jihatdan hozircha hech nima qilmayotgandirmiz, biroq muammolarni bilib turib ham jim turmayapmiz. Diplomatiya, Sharqshunoslik universitetlarida BMT modeli faoliyat yuritmoqda. Boshqa universitet va institutlarda ham uning tashkil etilishi o‘sha oily o‘quv yurtining talabalariga bog‘liq. Agar kimdadir qiziqish bo‘lsa, BMT modeli maqsadga erishishga ko‘maklashadi.

Va siz bilan uchrashishimizga sababchi bo‘lgan savol: BMT Bosh Assambleyasida nima qildingiz va u yerda nima haqda nutq so‘zladingiz?

Ilk marta hujjat topshirganimda talabgorlar ko‘pligi uchun joylar to‘lib bo‘lgan ekan, o‘tolmadim. Ishtirokchi bo‘lish qiyinligini eshitgandimu, bunchalikligini bilmagandim. Ikkinchi yili tomoshabin-ishtirokchi bo‘lish uchun hujjat topshirdim. Ammo bu safar ham omadim kelmadi. Belgilangan o‘rindan ancha ko‘p ekan talabgorlar. Uchinchi yili ko‘ngilli guruhga bo‘lsa ham kirish orzusida hujjat topshirdim. Konferensiyada qaxva tashishga ham rozi edim. Uch yilda ko‘p narsa ravshanlashdi. O‘zimga bo‘lgan bahoyim, talablar ham. Faqat kuchli istagim yarq etib turdi. Qarangki, eng kichik imkoniyat meni oxirgi marragacha BMT bosh minbarigacha olib chiqdi (Paulo Kauloning istagingni amalga oshirishni koinot ham istashi haqidagi gapi). Buning hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi. Men 2017-yilning avgust oyi ohirlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Nyu-Yorkdagi BMT Modelining “BMT modeli dunyoni yaxshi tomonga qanday o‘zgartira oladi?” mavzusidagi anjumaniga ariza qoldirdim va unda qanday bo‘lmasin ishtirok etishga qaror qildim. Men “BMT modeli meni qanday o‘zgartirdi” mavsusida nutq qildim. Nutqimda yoshlarning chuqur bilim egallashi kerakligiga urg‘u berdim. Ta’limga ko‘proq investitsiyalar ajratish kerakligi haqida gapirdim.

BMT bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz?

Ayni vaqtda men biznesni yuritishni o‘rganayapman. Kelajakda albatta xalqaro huquni o‘rganish niyatim bor. Shuni bilamanki, men tez va katta daromad keltiradigan biznes yo‘lidan bormayman. BMT modeli meni o‘zgartirdi. Bugun men uchun inson qadri, unga bog‘liq muammolarni o‘rganish va yechim topish muhimroq.

O‘zbekistondagi yoshlarining iqtisod, siyosat, gumanitar va boshqa sohalarda pozitsiyasi qanday? Sizning fikringizcha ular o‘zlarini qanday nomoyon qilishmoqda?

Kunday ravshan ko‘rinib turibdi, O‘zbekiston yoshlari juda qattiq mehnat bilan harakat qilishmoqda. Shaxsan men bilgan ilmga chanqoq o‘zbek yoshlari bugungi kunda katta izlanishlar bilan band. Ayni men o‘qiydigan biznes sohasidagi yoshlar yangi start up’lar, yangi bizes loyihalar ustida ishlashmoqda.

O‘zbekistonda o‘qishni bitirgandan so‘ng, xorijga ishlashga ketayotganlarga haqida nima deya olasiz?

Holis fikr bildiradigan bo‘lsak, bu ularning tanlovi. Xorijga ketayotgan yoshlarning hammasi ham ishlash uchun emas, o‘qish uchun ketayotganlari ham bor. Menimcha O‘zbekistonda ham o‘z biznesini rivojlantirish uchun har bir kishida juda katta imkoniyatlar bor. Masalan, agar xozir O‘zbekistonda o‘z tadbirkorligingizni yo‘lga qo‘ysangiz, sizni har tomondan qo‘llab-quvvatlashadi. Agar xorijga borib ishlashni tanlashgan ekan, ular ko‘p imkoniyatlarni yo‘qotishmoqda.

Tendoshlaringizni kamchiliklari nimalarda ko‘rinadi?

Kimnidir muhokama qilish men uchun qiyin. Menimcha bugungi yoshlar bundan ham ko‘proq harakat qilishlari kerak. Universitetimizda BMT modelining sertifikatini olish uchungina anjumanlarda ishtirok etib yurganlar bo‘ldi. Har bir ishga sitqidildan yondashsak natijasi biz kutgandan ham yaxshiroq bo‘ladi. BMT modelida ko‘proq yoshlarni ko‘rishni istardim.

Ikhtiyor Rakhman, Farhod Umarov tayyorladi.