Putin Oʻzbekistonga keladi

0
76
marta oʻqilgan

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.

Foto: Yle

Mirziyoyev Putinni 18-mart kuni boʻlib oʻtgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti saylovida erishgan gʻalabasi bilan tabrikladi.

Saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida jamiyatni birlashtirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat suverenitetini qatʼiy himoya qilish va mamlakatning jahonda muhim oʻrin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan har tomonlama oʻylangan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va nihoyatda keng qoʻllab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida taʼkidlandi.

2017-yilning aprel oyida Rossiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif, shuningdek, tomonlarning muntazam muloqoti ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilib, uni sifat jihatidan yangi, amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga taklif etdi.

Taʼkidlanishicha, Putin samimiy qutlov va tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qilgan.