Chegaralar ochilgani tufayli O‘zbekistonda ayrim tovarlar 20 foizga arzonlashgani aytildi

O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 3 milliard dollarni tashkil etdi va 20 foizga ortdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: zamin.uz

O‘zaro tovar yetkazib berish hajmi esa 2 barobarga ko‘paydi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida buni qayd etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanayotganini ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarini bog‘lab turgan transport yo‘llari qayta tiklanib, modernizatsiya qilingani, yangi yer usti va havo yo‘llari ochilgani, o‘zaro joriy qilingan chegirmalar natijasida yuk tashish, xususan, tranzit hajmi ortib bormoqda.

Chegaralar va yo‘llar ochilishi tufayli O‘zbekistonning ichki bozorlarida tovarlarning ayrim turlari 20 foizga arzonlashgani kuzatilmoqda.