O‘zbekiston bosh prokuraturasi AQSH Maxfiy xizmati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

0
70
marta oʻqilgan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti AQSH Maxfiy xizmati bilan transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi, deya xabar qildi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Foto: AQSh elchixonasi matbuot xizmati

AQSH Maxfiy xizmati doimiy vakili Deniz Feydner va departament boshlig‘i Akmalxo‘ja Mavlonov ushbu hujjatni 2018-yil 15-mart kuni imzoladi. O‘zaro anglashuv memorandumi moliyaviy tekshiruvlar haqida axborot almashuvi, valyutaga oid jinoyatlar bo‘yicha tajriba va texnik ishlanmalar almashuvi, shuningdek tomonlarni qiziqtirgan o‘zaro ishchi guruhlar va boshqa uchrashuvlar o‘tkazish tartibini ko‘zda tutadi.

«Valyutaga oid, moliyaviy jinoyatlar butun dunyoda tobora murakkab tus olayotgan tahdidga aylanmoqda. Bunday jinoyatlar yo‘liga kuchli to‘siq qo‘yish transmilliy jinoiy tashkilotlar bilan kurashishda asosiy usul sanaladi. Maxfiy xizmat xodimlari va huquq-tartibot idoralari dunyo bo‘ylab bir-birlariga yordam berishi juda muhim masala, shu sababli biz O‘zbekistonda Bosh prokuraturasi bilan yaqindan hamkorlik qilishni istaymiz», — dedi Deniz Feydner xonim.

«Bu memorandum O‘zbekistondagi AQSH elchixonasining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarning transmilliy jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashish maqsadida xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga yordam beradi», — dedi elchixona xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy idorasi vakili.

Valyutani qalbakilashtirishni aniqlash va uning oldini olishni asosiy maqsad qilgan AQSH Maxfiy xizmati tashkil etilganiga 150 yildan oshdi. Ayni paytda, AQSH Prezidenti va yuqori lavozimli rasmiylar xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, Maxfiy xizmat AQSH valyutasini qalbakilashtirish, bank ishidagi firibgarlik, pochtadan va zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanishdagi firibgarlik, noqonuniy moliyaviy operatsiyalar va ular bilan bog‘liq kiber-jinoyatchilik bo‘yicha moliyaviy tekshiruvlar olib boradi.

Huquq-tartibot organlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonga moliyaviy dastak mexanizmlarini tekshirish va ta’qib etish orqali transmilliy jinoiy tashkilotlar hamda xavfsizlik tahdidlariga qarshi turishga imkon beradi.