“O‘zbekcharmpoyabzali”ning eksport hajmi 100 million dollardan oshdi

“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushma korxonalari tomonidan 2017-yilda 703,1 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 241,9 milliard so‘mlik xalq iste’moli mollari, 521,7 million kvadrat detsimetr charm mahsulotlari, 13 894 ming juft poyabzal, 8075 million so‘mlik charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarildi, deyiladi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda.

Foto: UzA

103 million dollar miqdorida charm poyabzal mahsuloti eksport qilinib, avvalgi yilga nisbatan 109,2 foizlik ko‘rsatkichga erishildi. Shuningdek, o‘tgan yil davomida 65 loyiha amalga oshirilishi evaziga 1 ming 100 yangi ish o‘rni yaratildi.

Uyushma boshqaruvi raisi maslahatchisi Shirinbek Safarovning aytishicha, mahsulotlar sifati va ish samaradorligini oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda korxonalarga chet el investorlarini jalb etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, yangilarini tashkil etishga katta e’tibor qaratilayotir.

Xususan, Toshkent shahrida poliuretan ishlab chiqarish, Andijon viloyatida sun’iy mex ishlab chiqarish va Farg‘ona viloyatida sun’iy qoplamali charm ishlab chiqarish 2018-yilda amalga oshiriladigan eng yirik investitsiya loyihalaridir. Mazkur loyihalar amaliyotga tatbiq etilsa, eksport salohiyatining oshishi va 210 ish o‘rni yaratilishiga imkon tug‘iladi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tarkibidagi 95 ta ishlab chiqarish korxonasida teri xom ashyosi, poyabzal, charm-attorlik va sun’iy charm kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.