Bosh prokuratura InFinBANK aksiyadori Farhod Mamajonov qo‘lga olinganligi haqidagi xabarlarni rad etdi

Bosh prokuratura InFinBANK aksiyadori Farhod Mamajonov qo‘lga olinganligi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Foto: Коммерсант.Уз

“Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori R.Qodirovga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha F.Mamajonov ushlanganligi va uning mol-mulklari olib qo‘yilganligi to‘g‘risida xabar tarqatilgan. Bosh prokuratura ushbu ma’lumot haqiqatga muvofiq emasligini ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, 12-mart kuni InFinBANK saytida bank kengashi raisi Maqsud Abdusamadov nomidan muassasada hech qanday tekshiruv yoki reviziyalar o‘tkazilmayotgani haqidagi rasmiy xabar ham e’lon qilindi.

“Mazkur ma’lumot tegishli rasmiy so‘rov orqali Bosh prokuratura va Markaziy bankka yuborilgan holda tasdiqlanishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

“Norasmiy OAV tomonidan bank haqida tarqatilayotgan salbiy ma’lumotlar”ga javoban joylashtirilgan xabarda bank hech qachon Latviya va BAAda korrespondentlik hisob raqamlarini ochmagani va ega bo‘lmagani bildirilgan.