Toshkentdagi Amerika markazi – ingliz tilini samarali o‘rganishga yordam va AQSHda ta’lim olish masalasida maslahat beradi

1

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tarkibiga kiruvchi “Toshkentdagi Amerika markazi” turli faoliyat turlari va resurslar yordamida AQSHning siyosati, qadriyatlari, muassasalari va madaniyatini yaxshiroq tushunishni targ‘ib qiladi. U eng zamonaviy texnologiyalar yordamida bosma va elektron manbalar orqali ko‘plab eng so‘nggi, aniq va ishonchli axborot bilan ta’minlab beradi.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

“Toshkentdagi Amerika markazi”ga a’zo bo‘lish bepul va 14 yoshdan katta bo‘lganlar unga bemalol a’zo bo‘lsa bo‘ladi. Markaz a’zosi bo‘lish uchun, tashrif buyuruvchilar anketa to‘ldirib o‘z pasportlarini (16 yoshdan kattalar) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani qabulxonaga taqdim etishlari lozim.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

2018-yil 25-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Amerikaga yo‘l” o‘qish zalining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘qish zali O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi o‘rtasida 2017-2022-yillarga mo‘ljallangan Memorandum doirasida, Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan axborot resurslari hamda texnik vositalar bilan jihozlangan. Memorandumga asosan AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining o‘quv zallaridan birini maxsus uskunalar (TV panellar, shaxsiy kompyuterlar), shuningdek, ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha dasturiy ta’minot va til o‘rganishga oid bir qancha ta’lim resurslari (kitoblar, kompakt disklar) bilan taminlangan.

“Toshkentdagi Amerika Markazi” direktori Gulshan Mahmudova / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

– “Avval “Axborot Resurs markazi” deya nomlangan kutubxonamiz endilikda “Toshkentdagi Amerika Markazi”ga aylantirildi va markazning resurslari, tashqi qiyofasi butunlay yangilandi. Oyiga mingga yaqin kishi tashrif buyuradigan markazimizda anchagina bosma va elektron kitoblarni topish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgan tashrif buyuruvchilar badiiy adabiyot kolleksiyasidagi kitoblarni ikki haftaga o‘zi bilan olib ketishi ham mumkin”, – deydi markaz direktori Gulshan Mahmudova.

“Toshkentdagi Amerika markazi”da har haftaning chorshanbasida Conversation Club – ingliz tilida suhbat klubi tashkillashtiriladi. Unda 14 yoshdan kattalar ishtirok etib, ingliz tilidagi ko‘nikmalarini rivojlantirishi mumkin. Suhbat mavzusi har safar turlicha bo‘lib, mavzu klub moderatori bilan asosan ingliz tilida muhokama qilinadi.

Markazdagi “Conversation Club” jarayoni / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

– “Toshkentdagi AQSH Elchixonasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi turli universitet va ta’lim dargohlariga ingliz tilidagi badiiy va ilmiy adabiyotlarni ulashib keladi. Markaz xodimlari tashrif buyuruvchilarga AQSH-O‘zbekiston munosabatlari, ikki davlat o‘rtasida imzolangan shartnoma va bitimlar xususidagi savollariga batafsil javob berishadi. “Amerikaga yo‘l”, “Toshkentdagi Amerika markazi” hamda “Amerika Ta’lim markazi” resurslaridan foydalanish mutlaqo bepul”, – deydi O‘zbekistondagi AQSH elchixonasining press-attashesi Stiven Anderson.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

Markazning qiziq tadbirlaridan yana biri har haftaning juma kuni tashkillashtiriladigan Chai Chat Club (Choy suhbati klubi). Ushbu tadbirning Conversation Clubdan farqi u o‘zida kengroq auditoriyani jamlaydi. Seminar yoki taqdimot ko‘rinishidagi ushbu tadbirda ham turli mavzular ko‘tariladi. Ingliz tilida bo‘lib o‘tadigan klubda ishtirokchilar mavzuga doir o‘zlari qiziqtirgan savollarini berishlari mumkin.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

Markaz har oyning so‘ngida “Movie Night” – badiiy filmlar namoyishini tashkil qiladi. An’anaga aylangan ushbu tadbirga 50dan ortiq tomoshabin tashrif buyuradi va katta zalda film ingliz tilida subtitrlarsiz namoyish etiladi. Ingliz tilini endi o‘rganayotganlar uchun markazda alohida ekranda filmni subtitr bilan kichik auditoriyada ko‘rish imkoniyati bor. Markazda yuzlab ingliz tilidagi filmlar saqlanadi. Filmlarni istagan kishi kichik guruh bo‘lib tomosha qilishi mumkin.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

“EduacationUSA” ta’lim maslahat markazi Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qishni istagan o‘zbekistonlik yoshlarga bepul maslaxatlar beradi. Markaz orqali Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlaridan tortib to stipendiya va grantlar haqida ma’lumotlarni olish mumkin. Markaz abituriyentning talabiga qarab yo‘nalishi bo‘yicha ham maslaxatlar berishi mumkin. Ushbu markazga yiliga 4000 ga yaqin yoshlar tashrif buyurishadi. Markaz tez-tez turli dasturlarning taqdimotlarini tashkillashtirib turadi. Taqdimotlardan so‘ng o‘tkaziladigan savol-javob seanslari AQSHda ta’lim olishning turli jihatlarini qamrab oladi va odatda ingliz tilida o‘tkaziladi. Seanslar talabalarga ariza berish jarayonini tushunib olish, universitetlar vakillari bilan uchrashish, standartlashtirilgan testlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish, O‘zbekistondan borib Amerika universitetlarida o‘qib kelgan kishilar tajribasini o‘rganish kabi masalalarda yordam beradi.

Markazdagi tezkor internet xizmati / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

– “Markazga maktabdagi darslarimdan so‘ng haftada uch marta kelaman.  Asosiy maqsadim ingliz tilidagi bilimlarimni amaliyotda sinab ko‘rish. Bu yerda ingliz tilini o‘rganish uchun juda yaxshi sharoit yaratilgan. Undan tashqari tezkor internet xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Men internet orqali hamda markazning bazasidagi ingliz tilidagi testlarni yechib, o‘z bilimlarimni oshiraman”, – deydi markazga kelgan 9-sinf o‘quvchisi.

Markaz Amerikada nashr etiladigan turli ommabop nashrlarga obuna bo‘lgan, jumladan haftanomalar Time Magazine va NewsWeek, oylik nashrlar Foreign Policy Magazine, National Geographic, Smart Computing hamda har chorak nashr etiladigan Foreign Affairs, Harvard International Review va boshqalar.

Toshkentdagi Amerika Markazi / Foto: Korrespondent O‘zbekiston

Mazkur markazga tashrifimiz pozitiv ruhda o‘tdi. Ishtiyoq bilan til, bilim o‘rganayotgan yoshlarni ko‘rib mamnun bo‘ldik. Sizda ham ingliz tilini o‘rganishga qiziqish yoki o‘rganganlaringizni o‘zingiz kabi o‘rganuvchilar bilan takomillashtirish ishtiyoqi bo‘lsa, qolaversa, AQSHda o‘qish istagi bo‘lsa maslahat olish uchun markazga tashrif buyuring.

Ikhtiyor Rakhman, Farhod Umarov tayyorlashdi

1 izoh

  1. Movie Night’ga borganman. Adashmasam “Mother” degan filmni qo’yishgan. Qora tanli ayollarning huquqlari poymol bo’lgani haqida. Yoki Enagamidi nomi? Esimda yo’q. Lekin maza qilib ko’rganman.

Comments are closed.