Mirziyoyev ramziy tugmani bosdi: Navoiyda oltin qazish zavodi qurilishi boshlandi

0
308
marta oʻqilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi. O‘zA xabariga ko‘ra, bu yerda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatning barcha sanoat tarmoqlarida bo‘lgani kabi Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Prezident tashabbusi bilan 2017-2026-yillarda kombinatda 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 5-gidrometallurgiya zavodi ularning eng muhimlaridan biridir. Umumiy qiymati 396 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev yangi gidrometallurgiya zavodi ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Davlat rahbari Auminzo-Amantoy oltin konlarida o‘zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferensiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi.

Shavkat Mirziyoyev yaqin yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladigan loyihalarni ko‘zdan kechirdi.

2017-2026-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Pistali konini o‘zlashtirish va 6-gidrometallurgiya zavodini qurish, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-navbati, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi qurilishi va boshqa loyihalar ham namoyish etildi.