Sietl – Toshkent birodar shaharlar uyushmasi 45 yoshda: Den Peterson bilan suhbat

0

Bu yil uyushmaning tashkil etilganligiga 45 yil to‘ladi. Ushbu tashkilot ko‘ngilli hisoblanib, siyosiy maqsadni ko‘zlamagan. U madaniy aloqalarni rivojlantiruvchi mustaqil madaniy tashkilot hisoblanadi. AQShda bo‘lib turgan “Korrespondent.uz” muxbiri Sietl – Toshkent birodar shaharlar uyushmasi (The Seattle-Tashkent Sister City Association) sobiq rahbari Den Peterson bilan uchrashdi.

Janob Petereson uyushmani tashkil qilishdan asosiy maqsad nima edi?

Toshkent-Sietl birodarlashgan shaharlar uyushmasi 1972-yilda paydo bo‘lgan. Biroq 1973-yilda rasmiylashtirilgan. Maqsad, shaharlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatishdan iborat.

Uyushma o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga 45 yil ichida erisha oldimi?

45 yillik vaqt mobaynida munosabatlar o‘rtasida muammolar ham bo‘lgan. O‘z vaqtida bu muammolarga yechim ham topa bilganmiz. Amerikadan Toshkentga yuborish va Toshkentdan Sietlga olib kelish ishlarini olib borganmiz. Uyushma muvafaqqiyatli tashkilotga aylangan, deb ayta olaman. Biz shahar sifatida global isib ketish, infrastrukturani rivojlantirish kabi global muammolarni hal qilganmiz.

Sietlning Toshkent bilan birodarlashishi tarixi qanday?

Amerika prezidenti Eyzenxauer, harbiy tizim hech qachon dunyo muammolarini hal qilmaydi, degan g‘oyani ilgari tashlagan. 1959-yilda Sietlda birodarlashgan shaharlar uyushmasi tuzilgan. Norvegiya va Yaponiya ham birlashgan shaharlar uyushmasini tuzgan. 1970-yildan Alyaska havo yo‘llari orqali Vladivostokka ilk parvoz amalga oshirilgan. So‘ng Toshkent shahar hokimi Vohid Kozimov “Birlashgan shaharlar uyushmasi”ni tuzish taklifini bildirgan. 1973-yilda hujjat imzolangan. Sietlda 21 ta birodarlashgan shaharlar uyushmasi mavjud.

Uyushmaning 45 yillik yubileyi nishonlanadimi?

Bu yil Toshkent-Sietl birodarlashgan shaharlar uyushmasining an’anaga aylangan yubileyi – 45 yilligi nishonlanadi. Uyushmaning 40 yilligida Toshkent shahridan katta delegatsiya taklif qilingan edi. Delegatsiya a’zolari buyumlarni qayta ishlab chiqarish masalalari ko‘rib chiqishgan. Sietldan ham bir qancha delegatsiya Toshkentga borgan. Bu yil ham avgust oyining oxirlaridaToshkentga delegatsiya yuborishni rejalashtirganmiz. 3 kunlik tashrif jarayonida do‘stlik aloqalarini rivojlantirishni ko‘zda tutganmiz.

Uyushmaning ta’lim sohasida ham maqsadlari bormi?

Toshkentdan Sietlga chiqindilarni qayta ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislar kelib kerakli maslahatlarni olib ketgan. Ta’lim sohasiga kelsa, o‘zaro talabalarni almashish masalasida, Toshkent tarafi bizga taklif bildirsa, biz buni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Birodarlashgan shaharlarimiz uyushmasining 35 yilligida suvdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tajriba almashganmiz. O‘sha paytda Toshkent delegatsiyasi suvdan alternativ foydalanish bo‘yicha o‘ziga kerakli takliflarni olib ketgan.

Uyushmadan tashqari yana qayday faoliyat bilan shug‘ullangansiz?

O‘qituvchilik faoliyatim mobaynida imkoniyati cheklangan bolalar bilan ko‘p ishlaganman. Boshlang‘ich maktablarda ham dars berganman, maktab direktori bo‘lganman. Yuqori sinf o‘quvchilariga ham dars berganman. Amerikada imkoniyati cheklangan bolalar sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitiladi. Sietl imkoniyati cheklangan bolalarning sog‘lom bolalar bilan o‘qitilishiga qonunchilik asosida erishgan hisoblanadi. Malaka oshirish institutida ham o‘qituvchilarga tajribam asosida dars berdim.

Toshkent va Sietl o‘rtasidagi munosabatlarda Yetakchilik qilayotgan muhim jihat?

Men rafiqam bilan dunyoni o‘zgartira olmaymiz, biroq uni qo‘ldan kelgancha yaxshilashimiz mumkin, degan qarorga kelganmiz. Shunga ko‘ra doimo harakat qilib kelganmiz. Farzandlarimizga bag‘rikenglikni o‘rgatish orqali ko‘p narsaga erishish mumkin. Toshkent va Sietl o‘rtasidagi munosabatlarda Yetakchilik qilayotgan muhim jihat bu  – bag‘rikenglikdir.

Men O‘zbekistonni juda ham sevaman. Toshkent Sietl munosabatlarimiz jarayonida ishtirokchilarimiz soni ortmoqda. O‘tgan yilgi Navro‘z bayramida qatnashuvchilar soni 700 dan ortdi. O‘zbek madaniyatiga oid tadbirlarida ham juda ko‘p shaxslar katta qiziqish bilan qatnashishadi.

Nigora Umarova tayyorladi