Navbahor Imomova: Achchiq haqiqat prezidentga ayon

0
519
marta oʻqilgan

Korrespondent Uzbekistan 907

Navbahor Imomova “Amerika Manzaralari” turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. «Amerika Ovozi»da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O‘zbekiston radiosining «Xalqaro hayot» tahririyatida boshlagan. Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo‘yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida ziyoli oilasida ulg‘aygan.

Dunyoning yetakchi teleradiosining o‘zbek bo‘limida ishlab, o‘zbeklar va o‘zbek jamiyati hayotini yoritish qay darajada mashaqqatli vazifa?

“Amerika Ovozi” O‘zbek xizmatida olti kishi ishlaydi. Mingdan oshiq xodimga ega teleradiomizdagi eng kichik bo‘limlardan birimiz. Lekin ishimizning ahamiyati katta. Shu bois tinimsiz mehnatdamiz. Auditoriya – butun o‘zbek dunyosi. Jahonning qay burchagida yashamang, o‘zbek tilida global maydonni qoplovchi ma’lumot kerak bo‘lsa, biz sizning xizmatingizda. Xalqaro hayot, AQSh, Markaziy Osiyodagi dolzarb mavzular diqqat markazimizda. Albatta, har bir yangilikni olib chiqamiz, deya olmaymiz. Buning iloji yo‘q. Lekin boshqa axborot vositalari nazaridan chetda va aynan bizning ko‘zimiz oldidagi muhitni yoritamiz, masalan, AQShdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy manzarani, shuningdek, vatandoshlar hayotini.

O‘zini o‘zbek yoki o‘zbekistonlik deb biladigan odamlar Amerikada yuzlab mingni tashkil qiladi. Ular bilan doimiy muloqotdamiz. Shtatma-shtat sayohat qilib, o‘zbeklarning buguni, o‘tmishi va kelajak orzulari haqida materiallar berib boramiz. Haftalik ko‘rsatuvimiz “Amerika Manzaralari”da vatandoshlar qissasi doimiy mavzu. Ularning hayotini ommaga haqqoniy va xolisona tarzda olib chiqish, har bir ishda bo‘lganidek, kuchli professional uquv talab qiladi. AQSh jamiyatini tushunish kerak. Bu mamlakatdagi shart-sharoit, qonun-qoida va eng muhimi, immigrantlar bilan bog‘liq masalalarni va immigratsiya tizimini yaxshi bilish talab qilinadi. Ichki siyosat va mahalliy vaziyatni tahlil qilish zarur. Vatandoshlar ishonchini qozonish kerak. Usiz ularning hayotini hikoya qila olmaysiz.

O‘zini o‘zbek yoki o‘zbekistonlik deb biladigan odamlar Amerikada yuzlab mingni tashkil qiladi. Ular bilan doimiy muloqotdamiz. Shtatma-shtat sayohat qilib, o‘zbeklarning buguni, o‘tmishi va kelajak orzulari haqida materiallar berib boramiz

Xizmatimiz vatandoshlar va elatdoshlarni bog‘laydi, qolaversa ular va O‘zbekiston orasidagi ko‘prik. Har kuni vatandoshlardan o‘nlab maktublar olamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda aloqadamiz. Kechayu-kunduz. Hammaning o‘z dardi bor. Kimdir uni boshqalar bilan baham ko‘rgisi keladi, kimdir esa faqat sizga ishonib aytishni xohlaydi. Madad so‘raydi. Ruhiy quvvatlovga muhtoj.

Jurnalistman, menga faqat reportaj kerak deb yuz o‘gira olmaysiz. Kuniga ancha vaqtim odamlarning xatlariga javob berish uchun ketadi. Qisqa, lo‘nda javoblar yozaman. Bor gapni aytamiz. Biz xabar tarqatamiz. Bilganimizga asoslanib maslahat beramiz.

Yana bir muhim omil – zarur resursga ega bo‘lish. Sayohat katta mablag‘ talab qiladi. Byudjetimiz esa katta emas. Lekin tez-tez safarlarga chiqib turamiz va imkon qadar, muhim voqealarni Vashingtondan turib bo‘lsa ham o‘z vaqtida yoritamiz. Vaqt – bebaho. Har bir soniyani qadrlash kerak. 5, 10 yoki 30 daqiqalik material va dasturlarni tayyorlash soatlab mehnat talab qiladi. Kundalik lavhalarning umri qisqa. Efirga ketdi, tamom. Biz ahamiyati va qadrini yo‘qotmaydigan dasturlar berishni xohlaymiz. Mazmunan boy bo‘lsin, deymiz. Lekin kundalik yangiliklarni ham o‘z vaqtida yoritish kerak. Tahlilning ham umri bor. Xullas, har kungi mashaqqat shuki, biz qancha vaqt va ish kuchini nimaga qanday sarflashni belgilab olishimiz kerak.

O‘zbek jurnalistikasidagi asosiy muammolar haqida nima deya olasiz? Zamonaviy o‘zbek jurnalistlarining kamchiliklari nimada?

Dunyoning hech bir qismida jurnalistga agar o‘zi talab qilmasa, o‘z bilimi va iqtidoriga suyanib ish tutmasa, eshik ochishmaydi, e’tibor berishmaydi va eng muhimi, ishonishmaydi. Jurnalistlari bilimli, qobil va mas’uliyatli jamiyatlar erkinroq va farovonroq. Chunki ishimiz jamiyatning vijdoni bo‘lishni talab qiladi. Achchiq haqiqatni ko‘tarib, tegishli tomonlar bilan muhokama qilib, xalqni ogoh qilish, odamlarni o‘ylatish – mana shular bizning asosiy vazifamiz.

Hozirgi O‘zbekistonda erkinlik shabadasi agar esa boshlagan bo‘lsa, jurnalistlar jipslashib har biri erkin axborot yig‘a olishi, uzata olishi va ishini professional tarzda bajara olishi uchun harakat qilish kerak

O‘zbekistonda qachon shunday bo‘lgan? Jurnalistlar shu vazifalarni bajarishga intilgan damlar bo‘lgan. Eplashgan ham. Lekin ular uzoq davom etmagan. Hamisha to‘siq, siyosiy va sun’iy chegaralar bilan yuzlashishgan. Jurnalistlar o‘z ishini qilgani yoki qilmoqchi bo‘lgani uchun jazolangan, qamoqda o‘tirgan, azoblangan.

Jurnalistika kuchayishi uchun erkinlik kerak. Erkinlikni esa hech kim sizga qo‘shqo‘llab tutqazmaydi. Bu – bir aylana. Siz erkinlikni his qila olishingiz kerak. Lekin his qila olish uchun uni qo‘lga kiritish kerak. Qo‘lga kiritish uchun esa harakat qilish kerak. Harakat esa sizni xavfga yetaklaydi. Tahdidni kamaytirish uchun jurnalistlar bir-birini quvvatlashi kerak, bir-biriga suyana olishi kerak. Bu fikr hamisha bir joydan chiqishi kerak, degani emas. Turfa qarashlar, agar sog‘lom bo‘lsa, yechimga yetaklaydi. O‘zbekistondagi muammo shundaki, achchiq haqiqatni ko‘tarib chiqqan odamlarga tosh otishadi. Masalan, o‘z fuqarolarini haqorat qilgan hokimni savolga tutgan jurnalistlar qora kuchlar, uni maqtagan jurnalistlar esa qahramon.

Hozirgi O‘zbekistonda erkinlik shabadasi agar esa boshlagan bo‘lsa, jurnalistlar jipslashib har biri erkin axborot yig‘a olishi, uzata olishi va ishini professional tarzda bajara olishi uchun harakat qilish kerak. Cheklov kerak, deb bong uradiganlar hamisha bo‘ladi. Jurnalistlar orasida munozara bo‘lmasa, demak, ular noqobil. Etik me’yorlar va kasbiy tamoyillar mana shu munozaralar natijasida vujudga keladi. Afsuski, ularni shu paytgacha hukumat belgilab kelgan.

Tub muammo – axborot vositalari davlat nazoratida ekani. Buni hukumatdagilar ham biladi, jurnalistlar ham biladi. Lekin ikkala taraf ham o‘zini bir-birisiz tasavvur qilolmaydi. Vaholanki, mustaqil matbuot – erishsa bo‘ladigan orzu. Har ikki tomon bir-birining professionallashishidan manfaatdor.

Jurnalistlik nima? Uning vazifasi odamlarning ko‘nglini olish emas, ularni xursand qilish emas, ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirish emas

Hukumat agar haqiqatdan ham xalqqa xizmat qilmoqchi bo‘lsa, uning dardini haqqoniy tarzda olib chiqadigan jurnalistlarga ko‘prik sifatida qaraydi, nazorat qilinishi kerak bo‘lgan tizim deb emas. Axborot vositalari ham xalq ishonchini qozonishi kerak. Hozirgacha ular hukumatning og‘zi bo‘lib kelgan. Ta’lim va malakada ham gap ko‘p. Bu borada tinimsiz ishlash kerak.

Jurnalistika maktabini kuchaytirish kerak, albatta. Lekin jurnalistika maktabi kuchli davlatlarda ham jurnalistlar tinimsiz treningda. Biz, masalan, har oy kamida bir kursga borishimiz kerak. Yangi texnologiya, yangi uskuna, yangi programma, yangi uslub va ko‘nikma. Tinimsiz yangilik.

Jurnalistlik nima? Uning vazifasi odamlarning ko‘nglini olish emas, ularni xursand qilish emas, ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirish emas. Davlat, qadriyat va madaniyat madhini kuylash emas. Jurnalist ularni boricha ochib beradi. Xolislik, betaraflik deganda shu nazarda tutiladi. Jurnalist jamiyat a’zolarini bir-biri bilan bog‘laydi. Jurnalist real vaziyatni ko‘rsatadi, uning uchun aybdor emas. Bunga bir zumda erishilmaydi. Qattiq mehnat qilish kerak. Jasorat kerak. Jurnalistlar bir-biri uchun turib bera olishi kerak.

O‘zbekistonda jurnalistikani rivojlantirish va OAVni haqiqiy ma’noda 4-hokimiyatga aylantirish uchun hukumatimiz nimalarga ko‘proq e’tibor berishi kerak? Sizningcha, alohida Jurnalistika oliygohini tashkil etish, OAVlarga soliq bo‘yicha imtiyozlar berish kabi o‘zgarishlar samara beradimi?

O‘zbekiston hukumati, yuqorida aytganimdek, xalqqa xizmat qilish ahdida samimiy va qat’iy bo‘lsa, barcha axborot vositalari ustidan azaliy nazoratni bas qilib, ularga xalq ishonchini qozonish uchun imkon beradi. Qonunlar bor. Yangilari bo‘ladi. Huquqiy zamin suv va havodek zarur. Jurnalistlar professional me’yorlar ustida kelishib, o‘z faoliyatini o‘zlari hal eta boshlaydi. Murakkab davr bo‘ladi. Tartibsiz bozor bo‘ladi. Sudlov ketidan sudlov, qoralov ketidan qoralov. Baqir-chaqir. Lekin astalik bilan chinakam axborot bozori shakllanadi. Raqobatga chidagan maydonda qoladi.

Jurnalistlar ustidan nazoratni boy berishni xohlamasa, demak, hukumat jamiyat tom ma’noda erkin bo‘lishini istamaydi. Chunki axborot erkinligi va axborot vositalari erkinligisiz hech bir xalq erkin yashay olmaydi. Mening gaplarimga ayrimlar la’nat toshlari otishlari tabiiy. Lekin iqtidorli jurnalistika iqtidorli jamiyat quradi. Iqtidorli jamiyat esa iqtidorli hukumat va davlat demakdir. Bular falsafa emas, insoniyat tarixiga asoslanib qilinayotgan xulosa. Jamiyat hamisha o‘zgarib boradi va bu jarayonni tahlil qilish, u haqda odamlarni boxabar qilish jurnalistlarning ishi. Jurnalist – jamiyat ko‘zgusi.

Iqtidorli jurnalistika iqtidorli jamiyat quradi. Iqtidorli jamiyat esa iqtidorli hukumat va davlat demakdir

Jurnalistika ta’lim dargohlarini kuchaytirish, yangilarini ochish va axborot sifatini oshirish shu soha egalarining vazifasi. Hukumat jurnalistikani o‘z manfaatlariga moslashtirmasligi kerak. Lekin bu qonga singib ketgan odat. Yangi oliygoh siyosiy loyiha bo‘lmasligi zarur. Rejalashdan tortib, amaliyotgacha, bu jabhada chuqur bilimga ega odamlar shug‘ullanishi kerak. Tashabbus prezidentniki, lekin uni tashkil etish va yuritish bilan hukumat shug‘ullanmasligi kerak.

Imtiyozlarga kelsak, kamroq soliq to‘lash bilan jurnalistlar erkinroq yoki boyroq bo‘lib qolmaydi. Axborot vositalari barq urishi uchun ularning yo‘lini to‘smaslik kerak. Daromadni ta’minlash, zarur resursga ega bo‘lish ustida ularning o‘zlari bosh qotirsin.

Amerika siyosatdonlari bugungi kun O‘zbekiston hukumati olib borayotgan islohotlardan nimalarni kutmoqda?

Amerika siyosiy va ilmiy doiralari nazarida O‘zbekistonda islohotlar boshlangan, lekin ularni baholashga shoshmaslik kerak. Ulardan shuni eshitasizki, mamlakat bu islohotlar natijasida nafaqat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi, balki siyosiy-ijtimoiy jihatdan olg‘a siljishi, ya’ni erkinlashishi, huquq va qonun e’zozlanadigan jamiyatga aylanishi zarur. AQSh rasmiylari va arboblari deydiki, O‘zbekiston farovon va demokratik yashashidan bu davlat manfaatlidor. U bilan yaqindan hamkorlik qilishni xohlaydi. Vashington nazarida Prezident Shavkat Mirziyoev islohotchi sifatida oyoqqa turmoqda. Ular bu jarayon to‘xtamaydi, degan umidda. Amerika o‘tgan bir yil ichida qilingan ishlarni quvvatlaydi va eng muhimi, o‘zgarishlar tizimma-tizim yuz bersin, deydi. G‘arbda, ya’ni hukumatlar va nohukumat tashkilotlarda O‘zbekistonga nisbatan yondashuv “ehtiyotkor optimizm” deya izohlanadi. Bu degani, hozirgi jarayonlar ularga umid bag‘ishlamoqda ammo respublika orqaga ham qadam tashlab turibdi, ya’ni muammolar talay.

Dunyoning ko‘plab davlatlari qatorida O‘zbekiston ham demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan. Biroq sharqona davlatlarning aksariyati o‘ziga xos “boshqariluvchi demokratiya” yo‘li mavjudligiga da’vo qiladi. O‘zbekiston uchun g‘arbcha andozadagi demokratiya muhimmi yoki sharqona “boshqariluvchi demokratiya” munosibmi, nima deb o‘ylaysiz?

Buni O‘zbekiston xalqining o‘zi hal qiladi. Demokratiya bozordan sotib olinadigan, rastadan tanlanadigan narsa emas. U quriladi. Demokratiya murakkab jarayonlar, har tomonlama o‘sish mahsuli. Uning tubida erkinlik yotadi, shuningdek, mas’uliyat va burch. G‘arb va sharq demokratiyasi deb muayyan tuzumlar tahlil qilinadi yoki misol keltiriladi. Odatda bu tahlil ortida rahbarlarning o‘z siyosatini oqlash, biror hukmron kuchning o‘z manfaatini ta’minlash kabi maqsadlari yotadi. Lekin dunyoning qay tarafida bo‘lmasin, qay xalq va mentalitet haqida gap ketmasin, demokratiyaning talabi – erkinlik va qonun ustuvorligi. Hukumat va xalq orasidagi ishonch hurmatga borib taqaladi. Inson qayerda yashamasin, o‘z huquqlari hurmat qilinishi xohlaydi.

Demokratiya murakkab jarayonlar, har tomonlama o‘sish mahsuli. Uning tubida erkinlik yotadi, shuningdek, mas’uliyat va burch

Qay elat va din vakili bo‘lmasin, muammolar bartaraf etilishini, yaxshiroq yashashni, orzu-havasga asoslangan kelajak istaydi. Tartib-nazorat, qonun-qoida har joyda kerak. Lekin ularni belgilashda va amalga oshirishda xalq ovozi va fikri muhim. Shunday ekan, siz yo demokratiya istaysiz yo istamaysiz. G‘arb va sharq mentalitetini ro‘kach qilib, o‘zingizni aldaysiz.

Siz yo sizga xizmat qiluvchi, sizni fuqaro sifatida hurmat qiluvchi boshqaruv tizimini xohlaysiz yoki siz bilan hisoblashmay, sizning manfaatlaringizni sizdan ham yaxshiroq bilishini bahona qilib, sizni bosim ostida ushlab turuvchi tizim istaysiz. Ba’zilar unisi ham emas, bunisi ham emas kerak emas yoxud har ikkisini qorishtirgan “o‘zimizga mos” tizim kerak deyishi mumkin. Lekin, yuqorida aytganimdek, demokratiya ba’zida jo‘shqin, ba’zida esa keskin dinamika. U tirishqoqlik va kuchli siyosiy-huquqiy ong talab qiladi.

Axborotni qayta ishlash bir san’at, uni talqin etish, tushunish shaxsdan kuchli bilim, malaka talab etadi. Sizningcha, bizning jamiyatimiz tanqidiy maqolalarni “hazm” qilishga nechog‘lik tayyor?

Hech bir jamiyatda hamma hech qachon har narsaga tayyor emas. Tanqidiy fikrlaydiganlar har qanday muhitda ko‘p yoki kam. Tanqid asoslimi? Muammo muammomi, ya’ni realmi? Uni professional tarzda ochib berayapsizmi? Ha, deya ishonsangiz, demak, odamlar uni hazm qiladi. Dod, deb norozi bo‘lsa ham qabul qiladi.

O‘zbekistonning hozirgi prezidenti tanqidni hazm qila oladigan rahbar

Odatda muammo oddiy odamlarda emas, amaldorlarda. Ko‘p hollarda ular o‘zlarini jamiyatning yuqori tabaqasi deb hisoblasa-da, oddiy haqiqatga tik qaray olmaydigan, qilgan yo qilmagan ishini tushuntirib berishga jur’at qilolmaydigan qo‘rqoq insonlar.

O‘zbekistonda qiynoqlar haqida ochiq gapirib bo‘lmaydi, deb kelishdi. Korruptsiya haqida og‘iz ochish xavfli, deb kelishdi. Mana muhokama qilinmoqda, astalik bilan. Osmon uzilib yerga tushdimi? O‘zbekistondagi muammolarni xalq biladi, chunki uning ichida yashaydi. Bu muammolar aslida shu xalqning qilmishi.

Tanqidiy materiallar berishdan qochish yoki ularga tayyor emasmiz, deb bahona qilish haqiqatdan qo‘rqishdir, vaholanki, u har tarafda namoyon. Odamlarning ongi past, murakkab masalalarni tushunmaydi, mushohada qilolmaydi desangiz, demak, siz jurnalistika nima ekanini bilmaysiz. Jurnalistika masalani hamma tushunadigan tarzda ko‘rsatadi, xalqning ongi o‘sishi uchun hissa qo‘shadi.

Muammo muammomi, ya’ni realmi? Uni professional tarzda ochib berayapsizmi? Ha, deya ishonsangiz, demak, odamlar uni hazm qiladi. Dod, deb norozi bo‘lsa ham qabul qiladi

O‘zbekistonning hozirgi prezidenti tanqidni hazm qila oladigan rahbar, nazarimda. Ochiq tanqidga bu davlat rahbarlari o‘rganmagan, lekin o‘rganishi kerak. Mirziyoyevning zamonni va vaziyatni qanday tahlil qilayotganini kuzatib kelar ekanman, bu odam o‘zini aldab yashamasa kerak, deb o‘ylayapman. Achchiq haqiqat unga ayon. Uni eshitib, jamoatchilik tomonidan savolga tutilishning nimasi xavfli? Tanqid uni hokimiyatdan ayiradimi? Aksincha, uning nufuzini oshirib, unga ishonchni ko‘tarib, o‘z siyosati va qarorlarini izchilroq tushuntirish imkonini beradi. U tanqidiy qarash zaminida samaradorlik va sifat yotishini anglab, rahbar va lider sifatida o‘z rolini mustahkamlaydi. Tanqid hammani o‘stiradi. Xalqni ham, uning amaldorlarini ham, shu jumladan, uning prezidentini ham.

O‘zbekistonda hukumatning OAVga nisbatan fikri o‘zgarishi uchun qanday qadamlar tashlanishi kerak, qilinishi kerak bo‘lgan qanday ishlar bor? Asosiy muammolar nimalarda ko‘zga tashlanyapti?

Bu borada yuqorida ancha gapirdim. Hukumat va axborot vositalari bir-birining qismi emas, bir-biri bilan ishlaydigan ikki professional taraf bo‘lishi kerak. Bir-biridan mustaqil. Hukumat nima qilayotganini xalqqa tushuntirib borishi kerak. Axborot vositalari ular orasidagi ko‘prik. O‘zbekiston hukumatida jamoatchilik bilan ishlash tizimi azaldan juda zaif yoki umuman shakllanmagan. Matbuot xizmatlari asl vazifasi nima ekanini bilmaydi, hatto eng yuqori pog‘onalarda ham. Hukumatning media uquvi past. Bu O‘zbekistonning o‘zida ham, xorijda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi va zarari beqiyos.

Matbuot xizmatlari professional axborot vositalari bilan ishlab, har bir voqea va o‘zgarish vaqtida va sifatli yoritilishi uchun zamin yaratib berishi kerak

Hozirda matbuot xizmatlari faollashgandek, lekin ular hali ham buyruqboz idoralar. Jurnalist va sizning orangizda ishonch shakllanishi kerak. To‘g‘ri, informatsion ta’sir o‘tkazishni xohlaysiz, lekin siz jurnalistlarning talablariga ham quloq tutishingiz kerak. Professional aloqa va murosa nima ekanini tushunish kerak. Jurnalistlar ham matbuot xizmatlari bilan ishlashni o‘rganishi kerak. Yangilik nima? Fakt nima? Tahlil nima? Fikr nima? Har ikki taraf ularni yaxshi tushunishi kerak. Eng ko‘p ish o‘zi shu jabhada.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida “Jahon” axborot agentligi bor. Vazirlikda ham axborot agentligi bo‘ladimi? Qachonlardir o‘sha sharoitdan kelib chiqib qilingan qaror mahsuli bo‘lmish bu organ misolida hukumat kommunikatsiya bobida naqadar orqada ekanini ko‘rasiz. Vazirlikka kuchli matbuot xizmati va kuchli tahlilchilar kerak. Ular tashqi siyosatni tushuntirish bilan band bo‘lishi kerak. Sizga effektiv piar kerak, axborot agentligi emas. Milliy axborot agentligi bor, qolaversa, yangilari paydo bo‘laversin.

O‘zbekiston prezidentining va vazirlarining, umuman, yuqori lavozimlardagi odamlarning hali ham “rasmiy matbuot vakillari” bilan yurishi uyat. Bu ishonchsizlik va qo‘rqoqlikdan darak. Matbuot xizmatlari professional axborot vositalari bilan ishlab, har bir voqea va o‘zgarish vaqtida va sifatli yoritilishi uchun zamin yaratib berishi kerak. Noto‘g‘ri ma’lumot berilsa, tegishli tomonlarga shikoyat qilasiz, jurnalistni savolga tutasiz. Hozir esa, masalan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning xorijiy safarlarini ham “Jahon” yoritib yuribdi. O‘zingizni o‘zingiz yoritayapsiz. Mantiq yo‘q. O‘zbekistonga qiziqadigan jurnalistlardan qochishadi yoki ular bilan qanday ishlashni bilishmaydi.

Vazirlikka kuchli matbuot xizmati va kuchli tahlilchilar kerak

O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z nufuzini, imidjini tuzatmoqchi bo‘lsa, ishni mana shundan boshlashi kerak. Mana shu qoloqlik sabab hukumat va xalq qanchadan qancha imkoniyatlardan quruq qoladi. Sarmoya qilishni istaganlar, O‘zbekistonga sayohat qilishni istaganlar, bu mamlakat bilan hamkorlik qilishni xohlaganlar elchixonalar va hukumatning vakillari bilan aloqa qilolmay qo‘l siltab ketadi. Yillar davomida men bunday hollarga qayta-qayta guvoh bo‘ldim.

Sizning nazaringizda xorij matbuotida “Uzbekmeltdown” deb atalayotgan bugungi siyosiy jarayonlar qay darajada tizimli va izchil?

O‘zbekiston o‘zgarishlarga tayyor emas, deganlar adashgani isbotlandi. Xalq va hukumat, agar iroda bo‘lsa, oldinga qadam tashlashi mumkinligini ko‘rsata oldi. Odamlarda ertangi kunga ishonch bor va kimdan so‘ramay, bunga asos borligini aytadi. Davlat rahbari muammolarni har kuni o‘zi aytib turibdi. Haqiqatni tan olib, hukumatning tili ham, uyi ham kuygani yo‘q. Endi shu tan olingan muammolar yechimi ustida ishlash kerak. Jarayon har doim ham tizimli bo‘lmaydi, chunki maqsad, agar samimiy bo‘lsa, butun tizimni yangilash. Bu degani xalq mashaqqatli bir davrga tayyor turishi kerak. Hech bir zamonda, hech bir yurtda islohotlar bir maromda, ko‘zlanganidek kechmagan. Moslashuvchan bo‘lish kerak. Xalq bu jarayonlar haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lsin desangiz, matbuot erkinlashishi kerak. Jurnalistning ishi hukumatni maqtash yoki rahbarga tinimsiz tasannolar aytish emas. Mutasaddilarni, xoh davlat xoh nodavlat organlarda bo‘lsin, xorijiy yoki mahalliy biznes, savolga tutish. Xalq hayotini haqqoniy tarzda yoritish. Islohotlar qanchalik izchil ekanini aks holda qaydan bilamiz?

O‘zbek jurnalistlarini tajriba ortirish, qayta tayyorlash, kasb etikasi salohiyatini oshirishda xorij xususan “Amerika Ovozi” va “Bi-Bi-Si”da amaliyot o‘tash kabi tajribani yo‘lga qo‘yish uchun muammo va asosiy to‘siqlar nimalarda ko‘rinyapti?

Imkon berilsa, nafaqat “Amerika Ovozi” yoki “Bi-Bi-Si” balki boshqa xorijiy axborot vositalari jon deb O‘zbekiston jurnalistlari va axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi. Ko‘plab tashkilotlar yillar davomida respublikaga kirishni xohlab kelgan. Mahalliy muxbirlari sudlangan, qamalgan, haydalgan. Shu bois ham qiziqish qanchalik yuqori bo‘lmasin, G‘arb axborot vositalari shoshmay harakat qilmoqda. Xo‘sh, hukumatning mediaga nisbatan siyosati qanchalik o‘zgardi? Registratsiya va attestatsiya jarayoni qanday? Kimga murojaat qilish kerak? Bu jarayonni boshlash, tajribadan ma’lumki, boshi berk ko‘chaga kirib qolish bilan barobar. Hozir qanchalik boshqacha? Hukumat bilan aloqa qilish hamon amri mahol. Kim nima uchun mas’ul, bilish qiyin. Rasmiy tartib bor, deyishadi, protokolni ro‘kach qilishadi lekin ularning o‘zlari shu protokol bo‘yicha ishlashni bilishmaydi.

Xo‘sh, hukumatning mediaga nisbatan siyosati qanchalik o‘zgardi?

Diplomatlarga yozilgan xatlarga javob olmaysiz. Hamma muammo oxir-oqibat oddiy narsalarga borib taqaladi. Professional aloqa sirlarini bilmaslikka.

Bu endi tanganing bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa bizning tashkilotlarimizning qurbi va irodasi. “Amerika Ovozi” treninglar taklif qiladi. Uni turli davlatlarning jurnalistik tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boradi. Bu degani menga o‘xshagan jurnalistlar o‘z tashkilotlarimizni O‘zbekiston singari jamiyatlardagi hamkasblar bilan aloqani kuchaytirish, tajriba almashish va ularga yordam berish uchun ko‘ndira olishi kerak. Hozir hammamiz uchun mana shunday sinov davri. O‘zbekistonda sharoit ijobiy tomonga o‘zgargani sari yangi imkoniyatlar ham ochilaveradi.

Islohotlar davrini boshidan kechirayotgan, muzlarning erishi kechayotgan O‘zbekistonda korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashishning eng samarador yo‘llari haqida nima deya olasiz? Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qanday fikrlarni o‘rtaga tashlagan bo‘lar edingiz?

Kuchli axborot vositalari va kuchli adliya tizimi. Mustaqil matbuot va mustaqil adliya. Ta’limda gap ko‘p, albatta, lekin islohotlar mana shu ikki yo‘nalishni yangilashi kerak. Korruptsiyasiz jamiyat yo‘q, ammo unga qarshi kurash, dunyo tajribasidan ma’lumki, o‘tkir jurnalistika, oshkoralik va qonun ustuvorligini talab qiladi. Aynan shu muammolarni yoritishni o‘rgatadigan, matbuotchilar malakasini oshiradigan loyihalar boshlash mumkin. Jinoyat va jazo borasida maxsus dasturlar berib borishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu borada O‘zbekistondagi hamkasblari bilan ishlashga qiziqadigan mutaxassislar bor. Boya aytganimdek, eshik ochilsa, ular boradi.

AQShning hozirgi ma’muriyati C5+1 formatidagi uchrashuvlarga qanday qiziqish bildirmoqda? Bu format nafaqat Afg‘onistondagi, shuningdek Markaziy Osiyodagi muammolarni yechishda qay darajada samarali?

S5+1 dialogi Barak Obama prezidentligi davridan qolgan loyiha. Tramp ma’muriyati uni yo‘qqa chiqarishi mumkin, degan taxminlar bor edi, lekin bunday bo‘lmadi. Vashington diplomatik muloqotga ishonadi. Bu – muntazam muloqot uchun platforma, deb ishonishadi.
Muloqot samara berishi uchun esa davlatlarning o‘zi harakat qilishi kerak. Amerika o‘zini vositachi, deb ko‘radi. Bu format AQSh uchun Markaziy Osiyoning besh davlati bilan bir doirada o‘tirish, o‘z manfaatlari va pozitsiyasini tushuntirish imkoniyati.

Vashington regional integratsiya tarafdori, azaldan. Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot nuqtai nazaridan yakdillik, savdo va tijorat bobida yaqinlik, barqarorlik yuzasidan hamkorlikni targ‘ib qiladi. Amerikaliklar deydiki, ular regionga imkon qadar yordam beradi, lekin ziddiyatlarni va tub muammolarni hal etish ularning qo‘lida emas.

S5+1 dialogi Barak Obama prezidentligi davridan qolgan loyiha. Tramp ma’muriyati uni yo‘qqa chiqarishi mumkin, degan taxminlar bor edi, lekin bunday bo‘lmadi

Afg‘onistonda barqarorlikka erishish uchun bu davlat shimoldagi qo‘shnilar bilan yaqinroq bo‘lishi kerak, iqtisodi va turmushi rivojlanishi uchun ular bilan hamkorlik zarur va bu qo‘shnilar ham Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo bilan bog‘lanadi. Bu qarash Amerika siyosiy doiralarida oldindan hukmron. Lekin AQSh hukumatidan bu borada sarmoya kutmang. Sarmoyani Amerika bizneslari qilishi mumkin. Buning uchun esa regionda sharoit tuzalishi kerak. Xullas, aylanib-aylanib, yana Markaziy Osiyoning o‘ziga havola.

O‘zbekiston ichkarisidan turib faoliyat yuritish borasida “Amerika Ovozi”ning O‘zbek bo‘limi qanday ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan?

“Amerika Ovozi” 2005-yilgacha O‘zbekistonda 15 ga yaqin TV markazlar bilan hamkorlik qilgan. TV dasturlarimiz efirga uzatilgan. Radio eshittirishlarimiz havo mavjlarida edi. Mahalliy muxbirlarimiz bor edi. 2010-yilda jamoatchi muxbirimiz Malik Mansur “jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ma’lumot tarqatganlikda aybdor” deb topilib, katta miqdorda jarima bilan jazolangan. Shundan keyin vatanni tark etishga majbur bo‘ldi. Tashkilotimiz muxbirni aybsiz, deb hisoblagan. Andijon voqealaridan keyingi manzara ko‘pchilikka ma’lum.

Tashkilotimiz O‘zbekistonga borib ma’lumot yig‘ish, balki yana muxbirlarga ega bo‘lish imkoniyati paydo bo‘lar degan umidda

Tashkilotimiz bugungi o‘zgarishlarga qarab, O‘zbekistonga borib ma’lumot yig‘ish, balki yana muxbirlarga ega bo‘lish imkoniyati paydo bo‘lar degan umidda. Imkoniyatlarni o‘rganayapmiz. Xorijiy axborot vositalariga nisbatan siyosat qanchalik o‘zgarganini aniqlashga harakat qilayapmiz. Sabr bilan yondashamiz. Bu orada esa materiallarimiz mahalliy matbuotda chiqib turibdi. O‘zbekiston Milliy Axborot Agentligi tarqatmoqda. Mamnunmiz. Jurnalistlar jurnalistlarni tushunadi, sifatli materiallarni qadrlaydi. Albatta, tanlan-tanlab berishayapti. Ochilish davom etadi, degan umiddamiz. Tanqid xavf emas, aksincha mas’uliyatga yetaklovchi omil deb qarash vaqti keldi. Buni ko‘plab hamkasblarimiz biladi.

Biz va “Ozodlik” bir agentlik ostidagi tashkilotlarmiz. Bizni Amerika Xalqaro Teleradio Kengashi (Broadcasting Board of Governors, BBG) boshqaradi. Kengash – mustaqil agentlik, ya’ni biror bir vazirlikka qaramaydi. Moliya bizga Kongress tomonidan har yili ajratiladi. Faoliyatimizni asoslab berishimiz kerak. “Amerika Ovozi” teleradiosi 1942-yildan beri efirda. 47 tilda axborot uzatadi – TV, radio va internetda. Tashkilotning o‘tgan yilgi byudjeti 220 million dollarni tashkil etgan. Haftalik auditoriyamiz dunyo bo‘ylab 240 millionga yaqin. Muxlislarimizning ishonchini qozonganmiz va uni saqlash uchun astoydil xizmatdamiz. Bizning mustaqilligimiz qonunda ham, amalda ham ta’minlangan. AQSh hukumati ishimizga aralashmaydi. Biz uni tanqid qilar ekanmiz, muxlislar hatto qanday qilib “Amerika Ovozi” Amerika hukumatini tanqid qiladi deb xayron bo‘lishadi. Ishimizga qarab baho beravering, deymiz. Zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklangan. Professional tamoyillarimiz bor. Xolis, ishonchli ma’lumot berishimiz kerak. Global mavzularni yoritamiz, Amerika tashqi siyosatini tahlil qilamiz va bu mamlakat hayotini ochib beramiz.

“Amerika Ovozi” O‘zbekistonni ichkaridan yoritmaydi, nafaqat sharoit yo‘qligi sabab, balki missiyamiz ham bu emas

“Amerika Ovozi” O‘zbekistonni ichkaridan yoritmaydi, nafaqat sharoit yo‘qligi sabab, balki missiyamiz ham bu emas. Maqsad O‘zbekistonga dunyoni olib borish. “Ozodlik”ning vazifasi esa ichkaridan turib haqqoniy axborot berish. Mustaqil axborot vositalariga ega bo‘lmagan jamiyatlarda ishlaydigan tashkilot u. Bilaman, bizga ko‘p la’natlar yog‘iladi. Lekin biz vijdonsiz odamlar emasmiz. Xoin ham emasmiz. Men uchun “Amerika Ovozi” erkin jurnalistik platforma. Ishimning ta’siriga ishonaman. O‘zbekiston va dunyo o‘zbeklariga zarur informatsiya beramiz.

Jurnalistlar va bo‘lajak jurnalistlarga qanday tavsiyalar berasiz?

Jurnalistlar uni qilishi kerak, buni qilishi kerak, deb ko‘p gapiraman. Hamkasblarga aql o‘rgatayotganim yo‘q. Kamchilik hammada bor. Hech bir jurnalist ishim a’lo, deya da’vo qilolmaydi. Lekin hammamiz ta’sirimiz oshsin, deymiz. Ishimiz samarali bo‘lsin, deymiz. Umid qilamanki, bir-birimizni tushunamiz. Bir-birimizdan o‘rganamiz. Men O‘zbekiston axborot vositalarini tinimsiz kuzataman. Mehnatingiz seziladi. Ishlayotganlarga kuch-quvvat va zafarlar tilayman. Asabni saqlang. O‘zingizni ehtiyot qiling. Bu sohaga kirayotganlarga esa matonat, sabr-qanoat va kuchli iroda tilayman. Bu soha, jurnalistika domlam aytganidek, sizni boy ham qilmaydi, mashhur ham qilmaydi. Lekin axborotning qudrati cheksiz. Uni to‘plash,tekshirish va tasdiqlash, uzatish va muhokama qilish butun insoniyat ravnaqi uchun xizmat qiladi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi rasmiy OAV “Amerika Ovozi”va “Bi-Bi-Si” yangiliklariga tayangan holda axborot tarqatmoqda. Yaqinda siz tayyorlagan yangiliklar UzAda tarqatildi. Uzteleradio kompaniyasi siz va siz orqali Amerika Ovozi bilan hamkorlik qilish istagini bildirishdimi?

Hozircha bu borada biror yangilik yo‘q. Lekin materiallarimiz O‘zbekiston telakanallariga va keng ommaga qiziq ekanini bilamiz. O‘tmishda dasturlarimiz efirga uzatilgan. Hozirgi yangi kanallar ham, yashil chiroq yonsa, ayrim lavha va turkum ko‘rsatuvlarimizni olishi mumkin. Bu, albatta, biz uchun ham katta sinov bo‘ladi. Hozirgi o‘zgarishlar shunisi bilan yanada hayajonli va qiziq. Ogohmiz va ishdamiz.

Sof.uz materiali.