#UzbUSA2018: “Amerikaga sayohat”: Massachusets texnologiyalar institutining bir kuni

0

“Amerikaga sayohat” ruknimizni davom ettiramiz.

Jurnalistlarimiz Massachusets shtatining Kembdrij shahrida joylashgan Massachusets texnologiyalar instituti (Massachusetts Institute of Technology) kampusi talabalar shaharchasida bo‘lishdi.

korrespondent uzbek 028
Foto: “Korrespondent O‘zbekiston”

68 gektar maydonni egallagan institutga 1861-yili Vilyam Barton tomonidan asos solingan. Bugungi kunda 11319 ta talaba tahsil oladi. Shulardan 4512 tasi bakalavr, 6807 tasi magistrlik va doktorlik ilmiy tadqiqotini olib borishmoqda. Institutda 1021 ta professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi.

korrespondent uzbek 029
Foto: “Korrespondent O‘zbekiston”

Institutda arxitektura, astronomiya, astronavtika, biologiya, gumanitar fanlar, sog‘liqni saqlash, muhandislik ishi, axborot texnologiyalari, matematika, menejment, fizika, kimyo fakultetlari bor.

Yillik to‘lov talabalar yotoqxonasini hisobga olmagan holda 40 800 dollarni tashkil qiladi. Institutda ishlab chiqarish labaratoriyalari mavjud.

korrespondent uzbek 030
Foto: “Korrespondent O‘zbekiston”

Institutga tashrif buyurgan blogerlarimiz Masofaviy o‘qitish ta’lim markazi direktori Sheyrl Barnes bilan suhbatlashishdi. Sheyrl Barnes xonim masofaviy ta’limning afzalliklari va mazkur kurslarni tamomlab sertifikat olgan talabalar haqida gapirib berdi.

Media markaz menejeri Lana Skot esa masofaviy ta’lim jarayonida o‘quv darslarini tayyorlash jarayonlari va o‘quv xonalari bilan tanishtirdi. Bu yerda video darslar suratga olinar ham montaj qilinar ekan. Onlayn dars tayyorlovchi tadqiqotchi o‘qituvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maxsus ovqatlanish xonasi-yu, qahva, choy tayyorlash burchagi, har biriga alohida ish joyi ajratilgan.

Interaktiv doskaning ishlashi barchada birdek qiziqish uyg‘otdi. O‘qituvchi oddiy oynaga marker orqali formulani yozadi. Ro‘paradagi kamera uni tasvirga oladi va talabalarga yozuvni to‘g‘ri qilib ko‘rsatadi. Bu doskadan 200-250 talabali auditoriyada bemalol foydalanish mumkin. Fizika fakultetiga borganimizda doktor Piter Daurmashkin bizga masofaviy ta’lim berish darslarining ish rejasini tuzish va talabalar guruhi bilan ishlash jarayoni xususida tushuncha berdi. Markaziy kompyuter tizimi orqali o‘qituvchi talabalarga topshiriq beradi. Talaba o‘z oldidagi kompyuterda topshiriqni bajaradi. O‘qituvchi papkasida har bir talabaning bajargan vazifasi to‘planib boradi va u shu asosda baholanadi. Bunda vaqt tejaladi.

Nigora Umarova tayyorladi