Samarqandda yangi yoʻnalish boʻylab tramvaylar harakatlana boshladi

0


Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida Samarqand shahrida qurilgan yangi tramvay yoʻlini borib koʻrdi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot xizmati xabar qildi.

Prezidentning 1-fevraldagi “Samarqand shahrida tramvay liniyalarini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan shaharda umumiy uzunligi 34,8 km ni tashkil etadigan tramvay yoʻllari bosqichma-bosqich qurilmoqda. Yangi tramvay yoʻnalishi boʻyicha harakat grafigi ishlab chiqildi. Unga koʻra, tramvaylar ertalab soat 06:00 dan kechqurun 23:00 gacha harakatlanadi. Temir yoʻl vokzalidan Sattepo massivigacha tramvay liniyasida ikki tomonlama 4 tadan jami 8 ta tramvay har 7 daqiqada harakatlanadi. Tramvay yoʻlining ikki tarafidan avtobus bekatlari bilan birlashtirilgan 13 tadan jami 26 ta zamonaviy bekatlar qurilgan.

Ushbu loyihaning birinchi bosqichida qurilayotgan tramvay yoʻlining umumiy uzunligi 11,4 km.ni tashkil etib, bugungi kunda 7,2 km boʻlgan tramvay yoʻlining birinchi qismi qurilishi toʻliq yakunlandi.

Qurilishning keyingi qismi temiryoʻl vokzalidan Siyob bozorigacha boʻlgan yoʻnalishda, yaʼni uzunligi 5 km boʻlgan tramvay yoʻli qurish ishlari davom etmoqda. Loyihaning keyingi bosqichida quriladigan Tramvay yoʻlining umumiy uzunligi 23,4 km.ni tashkil etib, qurilish “Samarqand” temir yoʻl vokzalidan Spitamen koʻchasi orqali Kimyogarlar shaharchasi hamda vokzaldan Narpay koʻchasi orqali Kimyogarlar shaharchasigacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab oladi. Samarqand tramvay deposi qoshida Respublika Ichki ishlar vazirligining tegishli ruxsatnomasi olinib, tramvay haydovchilarini tayyorlash markazi tashkil etildi.